O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston va Tojikiston chegaralarini faqatgina ID karta orqali kesib o‘tishi tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida ma’lum qildi.
Bunday tartib 2023-yil 1-sentabrdan Qirg‘iziston bilan birgalikda joriy etilgandi.
“Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi. Kelgusi yili yurtimizda bo‘lib o‘tadigan „Markaziy Osiyo beshligi“ uchrashuvi shu yo‘ldagi yana bir ulkan amaliy qadam bo‘ladi”, — deya qayd etdi prezident.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, do‘st va hamkorlar doirasini kengaytirish, yaqin qo‘shnilar bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish o‘ta muhim vazifa ekanini qayd etdi. Shu maqsadda prezident Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini ta’kidladi.