O‘zbekistonda ijtimoiy ahvoli og‘ir mingta mahallada infratuzilmani yaxshilash uchun 2 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi.

Yig‘ilishda 2024-yilda Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G‘ijduvon tumanlarida amalga oshirilgan ishlarning ijobiy natijalari asosida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” kompleks dasturi qabul qilingani eslatib o‘tildi.

Endilikda ko‘p qirrali yondashuvlar asosida kambag‘al oilalarning a’zolariga sifatli ta’lim berish, ularni kasbga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, sog‘lig‘ini yaxshilash, psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha individual ko‘mak berish paketlari bo‘lishi belgilandi.

2025-yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi.

Shu maqsadda kambag‘al oilalar bolalari maktablarda chet tili, kasb-hunar va IT bo‘yicha bepul bilim olishi uchun 500 milliard so‘m ajratiladi. Ijtimoiy ahvoli og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilash dasturi amalga oshiriladi. Bunga 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanadi. Hukumat 2030-yilgacha ishsizlikni xalqaro e’tirof etilgan daraja — 5−6 foizdan oshirmaslik bo‘yicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozimligi ta’kidlandi.

Prezident iqtisodiyot va aholi daromadlarini o‘stirishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerakligini ham qayd etdi. Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda iqtisodiyotimiz uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi va to‘liq quvvatlar bilan ishlashini ta’minlashi zarur.

Jumladan, “Yoshlik-I” konida birinchi bosqichga, “Muruntov” konida esa keyingi bosqichlarga start beriladi. Shuningdek, Samarqandda yiliga 910 ming tonna mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan kompleks, 600 ming tonna mahsulot beradigan metallurgiya korxonasi, Zarafshonda kaustik soda zavodi, Nukusda isitish tizimlari ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.

Navoiyda mikro-GESlarni barpo etish bo‘yicha barcha bosqichlar o‘z resurslarimiz asosida tashkil qilingani yurtimizda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solish uchun barcha sharoitlar mavjudligini ko‘rsatdi.

Shuning uchun, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish bo‘yicha katta dastur qabul qilinishi belgilandi. Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli ta’minlash va energiya samaradorligini 2 karra oshirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.