2024-yilning iyun oyida Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yoshovchi 50 yoshli ota turmushga chiqishni rad qilgan 22 yoshli qizini bo‘g‘ib o‘ldirdi. 15-oktabr kuni To‘raqo‘rg‘on tuman sudida erkakka sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud hujjatini o‘rganib chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, avvalgi unashtiruvi buzilgan 22 yoshli qiz uydagilariga navbatdagi unashtiruvni ham bekor qilishni, uning o‘zi birga ishlovchi boshqa yigitga turmushga chiqishni istashini aytgan. Bundan g‘azablangan ota qizi yotgan xonaga kirgan. Bu vaqtda u qizni dastlab milliy chit ro‘mol bilan bo‘ynidan maxkam qisib, so‘roq qilgan. Undan so‘ng qo‘llari bilan bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirgan. Erkak turmush o‘rtog‘i holatni ko‘rib qo‘rqib ketmasligini o‘ylab, qizining murdasini yerto‘laga olib tushib qo‘ygan.

So‘ngra ota qo‘shnisining oldiga chiqib, mashinasida bir joyga borib kelishni iltimos qilgan. U rozi bo‘lgach, tumanning Qurama mahallasi hududidagi soy bo‘yiga kelishgan. Shu yerda qotil ota qo‘shnisiga qilgan jinoyatini aytib, o‘z joniga qasd qilmoqchiligini bildirgan. Ammo qo‘shnisining bu noto‘g‘ri ekani haqidagi gaplaridan keyin avvaliga tuman IIBga, so‘ngra prokuraturaga borib, sodir qilgan qilmishini bo‘yniga olgan. Fuqaro haqiqatda qizini juda yaxshi ko‘rgani, doim ko‘ngliga qarab kelgani, uni shu kungacha 2 marta unashtirishgani, qizi bilan munosabatda bo‘lgan boshqa yigit bilan ham gaplashganini so‘zlagan.

Respublika sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, qizning jarohatlari tirikligida bo‘yin a’zolarini sirtmoq bilan qisilishi, ya’ni strangulyatsion asfiksiya va buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri asorati hisoblangan o‘pka, miya shishi — o‘tkir nafas yurak qon tomir yetishmovchiligidan kelib chiqqan. Tanadagi tirnalmalar esa qattiq o‘tmas jism (ehtimol qo‘l barmoqlari) ta’siridan yuzaga kelgan.

Sud hujjatida voqea bilan bog‘liq dastlabki tafsilotlar va ko‘rsatmalar ham keltirilgan. Xususan, marhumaning onasi qizi u unashtirilgan yigitga emas boshqa shaxsga tegishini aytganini so‘zladi.

“2024-yilning mart oyida mahalladan sovchilar chiqib, qizim bilan yigit bir biriga ma’qul kelganidan keyin unashtirib qo‘ygandik. Qizim boshida kuyov unga yoqqani, tegishga rozi ekanini aytdi, lekin 25-may kuni o‘rtoqlari bilan ko‘rishish uchun ko‘chaga chiqib ketib, kayfiyati biroz buzilib uyga qaytdi. Oradan 2−3 kun o‘tganidan keyin uyga bo‘lajak kuyov kelib, bizga qizim ishlatib kelgan telefonni kirish chiqish qo‘ng‘iroqlarini ko‘rganini, unda qizim noma’lum bir yigit bilan gaplashib kelganini aytdi. „To‘yni to‘xtataylik“, deb ketdi”, — deya ko‘rsatma berdi ona.

Keltirilishicha, u shundan keyin turmush o‘rtog‘i bilan qizini o‘rtaga olib, telefonda gaplashib kelgan bola kimligini, nima uchun bunday qilganini so‘ragan. Qizim hech narsa aytmadi, keyinchalik o‘sha ishxonasida birga ishlagan yigit ekanini aytdi. U bilan aka-singildekmiz, dedi. O‘zim ham u bola bilan ko‘rishdim, o‘sha yigit oilali bo‘lib, keyinchalik ajrashib ketganini bilgan. U qizimning o‘sha bilan gaplashganini ko‘rib, qizg‘anib, uyga keldi", — deya qo‘shimcha qilgan u sudda.

Ayolning aytishicha, u buni taqdir deya eriga aytganida, turmush o‘rtog‘i “ertaga to‘y yana to‘xtabdi, deb mahallada gap bo‘lsa nima deyman” deb biroz jahli chiqqan. Unashtiruv bekor qilingan.

“Shundan so‘ng erim „qizing qiz bola emasmikan“ deb shubhalanib so‘radi. Qizim gapni eshitib qolib, buni inkor etdi. Shu bilan gap-so‘zlar bosilib, jim bo‘lib qoldi. 2024-yil 12-iyun kuni soat ertalab ishga ketishdan oldin qizimning xonasiga kirib, turib choy ichib ishiga ketishini aytdim. Ishda ko‘nglim bir xavotirni sezgandek qo‘l-oyog‘im bo‘shashib ketdi. Jiyanim bilan uyga kelsam, hovli ichida militsiya xodimlari yurishganini ko‘rdim. Qizim yengil tabiatli qiz bo‘lmagan, o‘g‘lim uchun turmush o‘rtog‘imni kechirishingizni, lekin qilmishiga yarasha jazo olishi kerakligini, shunga ko‘ra unga nisbatan qonun doirasida jazo tayinlashni so‘rayman”, — deya ko‘rsatma bergan u.

Sudlanuvchi M.E. (ota) sud muhokamasida aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, qizi 2024-yil 25-may kuni ko‘chadan kelib, ikkinchi unashtirilgan joyga ham tegmasligini aytgani, qizidan nima uchun tegmasligini so‘raganida hech bir gap aytmagani, shunda turmush o‘rtog‘i unga qizi F. ismli yigitni yaxshi ko‘rishi, faqat unga tegishini ma’lum qilganini aytganini qayd etgan. Shunda otada qizi F. ismli yigit bilan yaqin munosabatda bo‘lgani haqida shubha tug‘ilgan.

Sud 50 yoshli otani Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan aybli deb topdi, unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni o‘tash muddati 12-iyun kunidan boshlab hisoblandi.