Nyu York hukumati 22 yil ichida birinchi marta qurg‘oqchilik haqida ogohlantirish e’lon qildi, deb xabar bermoqda Washington Post. U shaharning o‘ziga va shtatning 15 okrugiga, asosan, Gudzon daryosi vodiysiga yoyiladi.

Nyu York ma’muriyati aholi va korxonalarni suvni ko‘ngilli ravishda tejashga chaqirdi. Shahar meri Erik Adams kommunal xizmatlarga uning iste’molini kamaytirish, jumladan, avtobus va metro vagonlarini kamroq yuvish va favvoralar uchun suv berishni cheklash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Qurg‘oqchilik haqida ogohlantirish qurg‘oqchilik paytida suvni tejash uchun hukumat tomonidan joriy etilgan uchta darajadan ikkinchisidir. Ogohlantirishdan keyin tabiiy ofat e’lon qilinishi mumkin, bu esa suvdan foydalanish bo‘yicha majburiy cheklovlarga olib keladi.

Washington Post nashrining ta’kidlashicha, kuzning ko‘p qismida AQShning deyarli barcha hududlarida noodatiy quruq ob-havo kuzatiladi. Buning oqibatlari, ayniqsa, shimoli-sharqda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. U yerda rekord darajadagi qurg‘oqchilik davri va g‘ayritabiiy yuqori harorat suv omborlaridagi suv sathining pasayishiga hamda Nyu York va Nyu Jersida o‘rmon yong‘inlarining kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.