Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida hukumatga parlament quyi palatasi bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.
Hukumat, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari deputatlar tomonidan joylarda aniqlangan muammolarni hal etishda quyi palata qo‘mitalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari lozimligi ta’kidlandi.
Lekin hozirgi vaqtda turli sohalarda nazoratni ta’minlovchi davlat inspeksiyalarning Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Shu bois ularning hisobotlarini qo‘mitalarda muhokama qilib borish bo‘yicha yangi, ta’sirchan tizim joriy etish muhim, dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev bu ish samarali bo‘lishi uchun vazirlik va idoralarda rahbar o‘rinbosarlarini quyi palata qo‘mitalari bilan doimiy hamkorlik uchun mas’ul etib biriktirishni taklif qildi.
U parlament va hukumat o‘rtasidagi munosabatlar qarama-qarshilikka emas, konstruktiv muloqotga asoslanishi kerakligini eslatdi.
Afsuski, parlament so‘rovi, deputat so‘roviga yuzaki yondashib, unga yengil-yelpi munosabatda bo‘lish holatlari hamon uchrab turibdi, dedi u.
“Bu borada barcha rahbarlar mas’uliyat va javobgarlikni to‘liq his etishi lozimligi, ushbu masalaga bepisand qarashga hech kimning haqqi yo‘qligi ta’kidlandi. Parlament va deputat so‘rovlariga javob aniq va mazmunli bo‘lishi, so‘rov kimga yo‘llangan bo‘lsa, shaxsan shu rahbar tomonidan javob berilishi shart”, — deya prezident so‘zlarini keltiradi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Ushbu yig‘ilishda Prezident avvalgi hukumat ishiga baho berib, deputatlar tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng uchinchi marta hukumat rahbari lavozimiga kirishgan bosh vazir Abdulla Aripovning kelgusi besh yildagi ustuvor vazifalarini belgilab berdi. Ular orasida 2030-yilgacha YAIMni 160 mlrd dollarga yetkazish, inflyatsiyani 5−6 foizda ushlab turish, 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish, ijtimoiy sohada islohotlar o‘tkazish va boshqalar bor.
Avvalroq u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati oldiga qo‘yilgan vazifalarni ham aytib o‘tgan edi.