Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets va darvozabon O‘tkir Yusupov 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan KXDR qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida qatnashdi. Jamoa Laosda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning yagona goliga Abbosbek Fayzullayev mualliflik qildi. Ikkinchi taymda O‘zbekiston darvozasi tomon belgilangan penaltini O‘tkir Yusupov qaytardi. O‘yinning birinchi taymi O‘zbekistonning ustunligida o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi taymda KXDR tashabbusni to‘liq qo‘lga oldi.
“Birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdik, raqibda imkoniyat bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda Bobir Abdixoliqov vaziyatdan foydalanganida o‘yin yengil kechishi mumkin edi. Himoyalanayotgan vaqtda jarima maydonchasi ichida to‘p qo‘lga tegishi bo‘lib turadi. Baxtimizga O‘tkir Yusupov penaltini qaytardi va biz o‘zimizga kerakli natijani qayd eta oldik”, — dedi Katanets matbuot anjumani boshida.
O‘tkir Yusupov o‘yindan qoniqish hosil qilganini ta’kidladi.
“3 ochko qo‘lga kiritganimizdan xursandman. Bir kun oldin yigitlar bilan gaplashgan edik. Taktikani yig‘ishtirib, hamma yurakdan o‘ynasa yutishimizni aytgandik”, — dedi darvozabon.
Katanets terma jamoa har bir o‘yinda faqatgina bir taym yaxshi o‘ynayotgani, faqatgina bir taym futbol o‘ynaydigan jamoa bo‘lib qolayotgani haqidagi savolga javob berdi.
“Menimcha, 90 daqiqa bir xil o‘ynaydigan jamoalarni topish qiyin bo‘lsa kerak, balki 1−2 ta top jamoalarni inobatga olmasa. Bugun, yana shuni inobatga olish kerakki, juda ham qiyin sharoitda o‘ynadik. Yuqori namlik, vaqtdagi farqlar. Qatarga qarshi o‘yinda oxirgi soniyalarda o‘tkazib yuborilgan gol jamoaning ruhiyatiga ta’sir qilmasdan qolmasdi. Shunga qaramay, futbolchilar o‘ziga kelishiga muvaffaq bo‘ldi. Tan olish kerak, bugun ayrim yetakchi futbolchilarsiz keldik. Ularning o‘rniga tushganlar juda yaxshi o‘yin ko‘rsata olishdi”, — dedi murabbiy.
“OFKga murojaat qilmoqchi edim. Biz, birinchi navbatda, futbolchilarimiz sog‘lig‘ini o‘ylashimiz kerak. Bunday maydonda to‘p surish futbolchilarning sog‘lig‘i uchun xavfli. Mashg‘ulot maydonimiz bundan ham yomon holatda edi. Bu yerdagi tashkiliy qo‘mitaga e’tirozim yo‘q, faqat maydonni gapirdim”, — deya qo‘shimcha qildi Katanets.
Yusupov esa u KXDR futbolchilarining penalti tepishini o‘rganib chiqqani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.
“KXDR futbolchilarini qayerdan o‘rganasiz? Ularning chempionatini ko‘ra olmaysiz. Penaltiga kelsak, darvozabonlarda ichki hissiyot bo‘ladi, qayerga tepishini sezib turadi. O‘ng tarafga tepishini his qildim. Alloh [meni] omadli qilib qaytardim. Muhimi 3 ochko qo‘lga kiritdik. Xalqimiz xursand bo‘lsa bo‘ldi. Biz shuning uchun o‘ynayapmiz”, — dedi jamoa darvozaboni.
Katanets jurnalistning bu safargi saralashda futbolchilar va assotsiatsiya murabbiyga ishonch bildirayatgani, agar avvalgi saralashlarda bunday holat bo‘lganida bosh murabbiy iste’foga chiqarilgan bo‘lishi haqidagi fikrlariga quyidagi javobni berdi.
“Men o‘z ishimni qilyapman. Futbolchilarga qo‘llab-quvvatlash uchun rahmat aytaman. Qatar bilan o‘yindan so‘ng yaxshi vaziyatda emasdik. Oldingi murabbiy almashinuvlariga kelsak, to‘g‘risi bilmayman. Bu rahbariyatning qarori. Hozirgi holatimiz ancha yaxshi, mavjud 6 ta o‘yin ichidan 18 ochkoning 13 tasini to‘plashga muvaffaq bo‘ldik. Bizni yana 4 ta o‘yin kutmoqda. Biz keyingi 12 ochko uchun harakat qilishimiz kerak. Futbolchilarga doim kurash oxirigacha bo‘lishini aytaman. Ertaroq hal qilamiz degan ruhiyat bo‘lmasligi kerak. Albatta, JCH yo‘llanmasini erta qo‘lga kiritsak yaxshi bo‘lardi. Ammo biz oxirigacha kurashishga tayyormiz. 10 ta o‘yinni yutish oson emas, ayniqsa muhim futbolchilar ishtirok eta olmasa”, — dedi bosh murabbiy.
Ma’lumot uchun, “A” guruhida besh turdan so‘ng Eron 16 ochko bilan yetakchilik qilmoqda, O‘zbekiston esa 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. BAA uchinchi o‘rinni egallab turibdi — 10 ochko, keyingi o‘rinlarda Qatar (7), Qirg‘iziston (3) va KXDR (2) joylashgan.
Oldinda yana to‘rt tur bor. Keyingi o‘yinni O‘zbekiston 2025-yil 20-mart kuni Toshkentda Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazadi.