Bir vaqtlar Polsha poytaxti Varshava ham haydovchilar, ham piyodalar uchun Yevropaning eng xavfli shaharlaridan biri sifatida tanilgandi. Ammo so‘nggi o‘n yil ichida mahalliy hokimiyat yo‘l-transport hodisalaridan o‘limni 55 foizga kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi. “Gazeta.uz” Polshaning poytaxti qanday qilib bunday muvaffaqiyatga erishgani haqidagi Bloomberg materialini qayta hikoya qiladi.
2023-yilda Varshava ko‘chalarida 29 kishi halok bo‘lgan, ulardan 11 nafari piyodalardir. Bu 1980-yillarda statistik ma’lumotlarni yig‘ish boshlanganidan beri shahar tarixidagi eng past o‘lim ko‘rsatkichidir. Taqqoslash uchun, barcha kuzatuvlar tarixida eng ko‘p baxtsiz hodisa qayd etilgan 1991-yilda YTH tufayli 314 kishi halok bo‘lgan.
Agar shahar aholisi zichligini (taxminan 2 million kishi) hisobga olsak, Varshava ko‘chalari endi Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlariga qaraganda sezilarli darajada xavfsizroq — million aholiga atigi 15 ta o‘lim, deb yozadi Bloomberg.
Varshavada yo‘l xavfsizligini oshirish va Vision Zero maqsadlariga erishish (1997-yilda Shvetsiyada qabul qilingan va keyinchalik butun dunyo bo‘ylab tarqalgan YTHda “nol jarohat” konsepsiyasi) ko‘chalardagi o‘zgarishlar va qonunchilik islohoti tufayli amalga oshirildi.
2021-yilda Polshada piyodalarga o‘tish joylarida avtomatik tarzda ustuvorlik berish va qoidabuzar haydovchilar uchun jarimalarni 5000 zlotiygacha (taxminan 1250 dollar) oshirish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Bu oyiga o‘rtacha 6500 zlotiy (taxminan 1550 dollar) maosh oladigan mamlakat uchun jiddiy jazo, deb ta’kidlaydi Bloomberg.
Yana bir muhim chora-tadbir 2016-yilda Varshavaning piyodalar o‘tish joylarini o‘rganish bo‘ldi. Ulardan 400 tasi (umumiy sonning taxminan 10 foizi) alohida xavf tug‘diruvchilar sifatida belgilandi. O‘shandan beri shahar har yili ularni modernizatsiya qilish uchun 40 million zlotiygacha (taxminan 10 million dollar) mablag‘ sarflaydi: u yerda yoritish tizimi yaxshilanadi, ko‘tarma ajratuvchi polosalar va halqasimon yechimlar tatbiq etiladi.
Avtotransport tezligini pasaytirish va piyodalar o‘tish joylarining ko‘rinuvchanligini oshirish uchun shahar hokimiyati ko‘proq “yotiq politsiyachi”larni o‘rnatdi va yo‘l chetidagi parkovkalarni olib tashladi.
Polsha shaharlaridan birida Vision Zero`ni joriy etish tajribasiga ega bo‘lgan Varshava yo‘l xo‘jaligi departamenti direktori o‘rinbosari Tomash Toshaning rejalarida ba’zi ko‘chalarni toraytirish va tezlik cheklovlariga rioya qilishni yanada puxta nazorat qilish mavjud. Jamoat transporti harakati va veloyo‘laklar qurilishi yaxshilanishi bilan avtomobilga muqobillik paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, shahar kelgusi to‘rt yil ichida modernizatsiyaga investitsiyalarni ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda.
Bloomberg sharhida Tosha asosiy muammo deya tezlikni ko‘rayotganini ta’kidlaydi. “Amalda ishlaydigan yagona narsa — fan. Agar biz o‘lim holatlari asosan kinetik energiya tufayli sodir bo‘lishini bilsak, unda kinetik energiyani kamaytirish kerak”.
Shaharda hozircha tezlikni nazorat qiluvchi kameralar yo‘q, chunki ularni o‘rnatish uchun Polsha hukumatining ruxsati kerak. Varshava meri Rafal Tshaskovskiy bu holatni tanqid qilgan. “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida samarali ishlashni istasak, buning uchun bizda maxsus vositalar bo‘lishi kerak. Xavfsizlik — ustuvor vazifa”, — deb yozgan u X`ga haydovchi tezlikni oshirib yuborishi oqibatida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisada bir kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarga javob berarkan.
Mashinalarni xavfli haydash amaliyotiga qarshi kurashishda shahar hokimiyati oldida ko‘p ishlar turibdi, deb ta’kidlaydi Bloomberg. Shunday qilib, martdan aprelgacha Varshava politsiyasi 1000 dan ortiq mast haydovchini to‘xtatdi, yana 120 kishi giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgan, 800 kishi haydovchilik guvohnomasisiz harakatlangan va 300 dan ortiq kishiga haydash taqiqlangan bo‘lgan.
“Odamlar mashina haydar ekan, to‘qnashuvlar muqarrar. Ammo hech bir o‘lim, hatto yo‘l-transport hodisalarida bo‘lsa ham, axloqiy nuqtai nazardan qabul qilib bo‘lmasdir”, — deydi Tosha.