Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda davosi qiyin kasalliklarni davolash va oldini olishda eng samarali deya targ‘ib qilinadigan mahsulotlarning reklamasini noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘radi. Shuningdek, qo‘mita ularni diniy blogerlar bevosita reklama qilishi iste’molchilarni chalg‘itishini eslatdi.

Keltirilgan mahsulotlar orasida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar va suv mahsulotlari bor. Tarmoqlar va xabar almashish platformalarida mahsulotlarning reklamasi “ming bir xastalikka davo” sifatida, “mo‘’jizakor” ta’siri haqida iste’molchilarni chalg‘itadigan yolg‘on yoki noaniq, bo‘rttiruvchi iboralar asosida joylashtirilishi, taniqli shaxslar va jamoat arboblari tomonidan mazkur mahsulotlarni tavsiya qilinishi, davolashda foydalanganliklari, ta’sir doirasi va terapevtik samaradorligi haqida fikrlar bildirilishi iste’molchilarning rejali (an’anaviy) davolashdan voz kechib, o‘z-o‘zini davolash usullarini keng qo‘llanilishiga, hattoki fojiali holatlarga sabab bo‘lmoqda, deya ma’lum qilmoqda qo‘mita.

Tashkilot reklama lavhalarida fuqarolarning diniy tuyg‘ularidan foydalangan holda diniy blogerlarning suratlari, ularning video va audiosi chiqishi (muayyan bir savdo belgisi aniq gapirilmagan bo‘lsa-da), ularning tavsiya va ko‘rsatmalari iste’molchilarda mahsulotlarga nisbatan ishonchni sun’iy oshirilishiga va pirovardida noto‘g‘ri xulosa chiqarilishiga olib kelayotganini ma’lum qildi.

“Achinarlisi, bunday mahsulotlarni diniy blogerlar tomonidan bevosita reklama qilinishi iste’molchilarni chalg‘itib, ularda ushbu mahsulotlarni dori vositasi va davolash xususiyatiga ega ekanligi haqida yanglish fikrlar shakllanishiga hamda ularni iste’mol qilinishiga undamoqda”, — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, qo‘mitaga reklamalarga ishonib, aynan shu kabi mahsulotlarni sotib olgan, biroq ularning iste’moli natijasida sog‘ligi yanada yomonlashganligi to‘g‘risida fuqarolardan ko‘plab murojaatlar tushmoqda. Jumladan, 2024-yilning o‘tgan davrida BFQlar (biologik faol ozuqaviy qo‘shimchalar) bo‘yicha mingga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqilib, iste’molchilarga 118 mln so‘m moddiy zararlar qoplangan.

Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasidagi ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga doir talablarni eslatdi.

Unga ko‘ra:

  • ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
  • ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligi, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
  • ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi; sog‘lom
  • ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
  • ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
  • har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerakligi belgilangan.

Qonunning 47-moddasiga asosan, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasiga doir talablarni buzganlik — bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Raqobat qo‘mitasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga asosaslanib, foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek jamiyat hamda davlat manfaatlariga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan reklamalar noto‘g‘ri ekanligi, ularni tarqatish qonunchilikka binoan javobgarlikka asos bo‘lishi eslatdi.