AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kongressga Ukraina kreditining yarmini (4,6 milliard dollar) hisobdan chiqarishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Davlat departamentining Kongressga yozgan maktubida aytilishicha, qarzni bekor qilish “AQSh va uning Yevropa Ittifoqi, G7 va NATOdagi hamkorlarining milliy manfaatlariga javob beradi” va Ukrainaga urushda g‘alaba qozonishga turtki bo‘ladi.

2024-yil aprel oyida ma’qullangan Amerikaning 60 milliard dollarlik yordam paketi doirasida Ukrainaga to‘qqiz milliard dollar miqdorida kredit berilgan. Bloomberg`ning ta’kidlashicha, kreditning yarmidan kechish Donald Tramp lavozimga kirishgunga qadar “Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan bir qator qadamlarning oxirgisi” bo‘ladi.

Bu reja respublikachilarning e’tiroziga sabab bo‘lgan, deb yozadi Bloomberg. Kentukki shtati senatori Rend Pol “Bayden ma’muriyatini to‘xtatish” uchun senatda ovoz berishni o‘tkazmoqchiligini aytdi, chunki uning qarori qarzni amerikaliklarga yuklaydi. Biroq hozircha senatni demokratlar nazorat qilayotganini hisobga olsak, bu rezolyutsiya o‘tkazilishi dargumon, deb ta’kidlaydi Bloomberg.

Trampning prezidentlik saylovidagi g‘alabasidan so‘ng Oq uy Ukrainaga harbiy yordam jo‘natishni tezlashtirishga qaror qilgan, deb yozadi The Wall Street Journal. Xususan, Pentagon Ukrainaga Patriot va NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun 500 dan ortiq samolyot berilishini e’lon qilgan.

17-noyabr kuni The New York Times va boshqa nashrlar Bayden ma’muriyati Kiyevga Kursk viloyatidagi operatsiyada ishtirok etayotgan Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalarini himoya qilish uchun Rossiyaning ichkarisidagi nishonlarga ATACMS uzoq masofali raketalari bilan zarba berishga ruxsat bergani haqida yozgandi. The Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh, shuningdek, Ukrainaning Britaniyaning Storm Shadow uzoq masofaga uchuvchi raketalaridan foydalanishiga kiritilgan cheklovlarni ham olib tashlagan.