O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov mamlakatning Niderlandiyadagi elchisi etib ham tayinlandi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

20-noyabr kuni Fozilov Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi Protokol va ishlar departamenti direktori Xans Akerbumga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va diplomatik aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi, shuningdek, aprelda Toshkentda bo‘lib o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlarni yuqori baholadi, deyiladi xabarda. Bu uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish istagi ta’kidlandi.

Xans Akerbum departament O‘zbekiston elchixonasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga va ikki tomonlama muloqotni mustahkamlashga hissa qo‘shishga tayyorligini tasdiqladi.

G‘ayrat Fozilov 1974-yil 14-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2005-yilda esa Strategik tahlil va prognozlash oliy maktabini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Yevropa davlatlari bilan hamkorlik byurosining attashesi sifatida boshlagan. TIV markaziy apparatida, Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashida, O‘zbekistonning Fransiya va Belgiyadagi elchixonalarida, shuningdek, NATO huzuridagi missiyasida turli lavozimlarda ishlagan.

2015−2017-yillarda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, 2018−2021-yillarda esa O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi bo‘lgan. 2021−2023-yillarda yana TIV rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2023-yilda u 2017-yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan Dilyor Hakimovning Belgiyadagi elchi lavozimini egallagan, shuningdek, O‘zbekistonning qarorgohi Bryusselda joylashgan Niderlandiya, Lyuksemburg, YeI va NATOdagi vakolatxonalariga rahbarlik qilgan.

Avvalroq, 14-noyabr kuni G‘ayrat Fozilov Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.