Yangilandi: Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21-noyabr kuni kechqurun Rossiya Ukrainaga ballistik raketa bilan hujum qilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap eng yangi o‘rta masofali ballistik raketa “Oreshnik” haqida ketmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba “Yujmash” harbiy-sanoat majmuasiga qaratilgan va Ukrainaga Rossiya hududida uzoq masofali G‘arb qurollarini ishlatishga ruxsat berilishiga javob bo‘lgan. Havo hujumidan mudofaa vositalarining zamnaviylari ham, Putinning ta’kidlashicha, “Oreshnik” raketalarini tutib qololmaydi.

Ukraina havo kuchlari 21-noyabr kuni ertalab Dneprni o‘qqa tutish paytida Rossiya qo‘shinlari mamlakat hududi bo‘ylab qit’alararo ballistik raketa (QBR) uchirganini ma’lum qildi.

Zarba Astraxan viloyatida amalga oshirilgan, deyiladi Ukraina harbiylari bayonotida. Unda boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Dnepr bo‘ylab “Kinjal” aeroballistik raketasi va yettita X-101 qanotli raketalarini uchirgan. Havo hujumidan mudofaa ishlari natijasida oltita X-101 raketasi urib tushirilgan.

“Boshqa raketalar bo‘yicha jiddiy oqibatlar kuzatilmadi”, deya ta’kidlanadi Ukraina Qurolli kuchlari hisobotida.

CNN nashrining qayd etishicha, agar ma’lumot tasdiqlansa, bu Rossiya tomonidan urush davomida bunday turdagi raketalardan birinchi marta foydalanish bo‘ladi. Telekanal sharhlovchisining fikricha, Rossiyaning QBRdan foydalanishi AQSh Ukrainaga Amerika ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat berganidan keyin imkoniyatlarini namoyish qilishidir.

“Bugun Rossiyaning yangi raketasi kelib tushdi. Barcha xarakteristikalar — tezlik, balandlik — qit’alararo ballistik raketaniki. Hozirda ekspertizalar davom etmoqda”, — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

Rossiya Mudofaa vazirligi Dneprga raketa hujumi haqidagi ma’lumotlarga izoh bermadi.

Amerika rasmiylari orasidagi New York Times manbalarining ta’kidlashicha, uchirilgan raketa ballistik edi, ammo qit’alararo emas. Nomlari oshkor etilmagan yuqori martabali amaldorning so‘zlariga ko‘ra, raketa, ehtimol, o‘rtacha masofaga uchgan. “Ammo bu biz kuzatayotgan yangi tur”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisakning ma’lum qilishicha, Dneprda raketa zarbasi oqibatida sanoat korxonasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi, xususiy uylar va yana bir nechta joylar zararlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kishi jarohat olgan.

Qit’alararo ballistik raketa — 5500 km dan 9000 km gacha bo‘lgan masofani bosib o‘ta oladigan uzoq masofali qurol. QBR shaxtalardan yoki ko‘chma ishga tushirish qurilmalaridan uchiriladi va qattiq yoki suyuq yoqilg‘i bilan ishlashi mumkin.

  • 20-noyabr arafasida AQSh, Ispaniya, Italiya va Gretsiyaning Kiyevdagi elchixonalari “ehtimoliy havo hujumi” tahdidi tufayli yopilgandi. Shu fonda mahalliy Telegram kanallarda Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa uchirishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.