Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi International (Inter Hotel) mehmonxonasi xususiylashtirilgani haqida xabar berdi.

Xususiylashtirish jarayonida Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi maslahatchi sifatida, Ernst & Young esa mustaqil baholash ishlarini amalga oshirish uchun jalb etildi.

Davaktiv ma’lumotlariga ko‘ra, obyektga oltita kompaniya qiziqish bildirgan, ammo ularning faqat uchtasi majburiy takliflarni taqdim etgan.

Savdolar g‘olibi 26 million dollar taklif qilgan Smart Fast Stroy kompaniyasi bo‘ldi. Xabarga ko‘ra, investor mehmonxonaning tegishli bank oldidagi 14,7 million yevro miqdoridagi kredit qarzdorligini ham o‘z zimmasiga oladi, shuningdek, 41 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirish majburiyatini olmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tasdiqlashicha, narx baholangan qiymatdan ancha yuqori bo‘lgan.

Mehmonxonani xususiylashtirish jarayoni joriy yilning may oyida boshlangandi.

Mehmonxona haqida

Mehmonxona 1997-yilda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida qurilib, dastlab InterContinental tomonidan boshqarilgan. U O‘zbekistondagi birinchi besh yulduzli mehmonxona bo‘lgan.

2012-yil may oyida, 15 yillik faoliyatdan so‘ng, mehmonxona brendi O‘zbekistonni tark etdi va mehmonxona International nomini olib, davlat tasarrufiga o‘tdi (2022-yilda InterContinental O‘zbekistonga qaytib, shahar markazidagi yangi mehmonxonani boshqarishni boshladi).

Binoda 232 ta xona, 7 ta konferens-zal, 2 ta restoran, barlar va ochiq ayvon, shuningdek, basseynli fitnes-klub mavjud. Bino va inshootlarning umumiy maydoni 45 ming kvadrat metrni, yer maydoni esa 3 gektarni tashkil etadi.

Mehmonxona Accor guruhi bilan sublitsenziya shartnomasini imzolagan bo‘lib, u Shveysariyaning Mövenpick brendidan, shuningdek, bron qilish tizimlari va TARS Accor Hotels tarmog‘ining boshqa IT-tizimlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.

Xaridor haqida

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Smart Fast Stroy 2023-yil avgust oyida ro‘yxatdan o‘tgan va noturar joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanadi. Ilgari kompaniyaning ta’sischisi Muhiddin Usmon o‘g‘li Muhiddinov bo‘lgan, hozirda esa Aleksandr Valerevich Zaxaryan, rahbar — Timur Zokirov.

Zaxaryan, shuningdek, Octo (IT-kompaniya), Octopay (to‘lov xizmati), Finance Invest Brok brokerlik kompaniyasi, Octotelecom (banklar, do‘konlar, to‘lov tizimlari va davlat tashkilotlari uchun SMS-xabarnomalar), kompyuter o‘yinlari ishlab chiqaruvchi Octo Games, Octo Smp, Octo Integro kompaniyalarida ham ulushlarga ega.

2023-yil sentabr oyida, tashkil etilganidan bir hafta o‘tib, kompaniya Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy gospitalidan uncha uzoq bo‘lmagan hududda 1 gektar yer maydonini 48 milliard so‘mga sotib olgan. Auksion 6-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi va 10 daqiqadan sal ko‘proq davom etgan.