Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasi xususiylashtirilganini ma’lum qildi.
KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi, shuningdek Deloitte kompaniyasi mustaqil baholash o‘tkazish uchun jalb qilindi.
Davaktiv ma’lumotlariga ko‘ra, mulkka 15 ta kompaniya qiziqish bildirgan, biroq ulardan faqat 3 tasi majburiy bo‘lgan takliflarni taqdim etgan.
Tenderda g‘olib bo‘lgan Alfa Invest sug‘urta kompaniyasi 20 million dollar taklif qilgan.
Investor mehmonxona tashqi ko‘rinishining arxitektura qiyofasini inobatga olgan holda kelgusida har qanday qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy talabni qabul qilib oldi, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, narx Lotte`ning taxminiy qiymatidan yuqori.
Mehmonxona haqida
To‘rt yulduzli Lotte City Hotel Tashkent Palace poytaxt markazidagi 1,14 gektar maydonda joylashgan. Bino va inshootlarning umumiy maydoni 24,3 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Mehmonxonada mehmonlar uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan 232 ta xona mavjud. Shuningdek, kompleks tarkibiga 3042 kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan banket zal, bir nechta konferensiya zallari, ochiq basseyn va fitnes markazi kiradi.
Mehmonxona 2013-yilda Janubiy Koreyaning Lotte Hotel brendi boshqaruviga o‘tkazilgan. Kompaniya xalqaro standartlar asosida renovatsiya ishlari olib borgan va natijada mehmonxona Hotelstars Union tomonidan birinchi toifa talablarga mos deb topilgan.
Tashkent Palace mehmonxonasi Hyatt Regency Tashkent va boshqa bir qator yirik davlat obyektlari bilan birgalikda 2021-yil yozida prezident qaroriga muvofiq xususiylashtirishga mo‘ljallangan edi. Sotish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tayyorgarlik oktabr oyida boshlangan.
Mazkur mehmonxona Janubiy Koreyaning Hotel Lotte CO., Ltd kompaniyasi tomonidan boshqariladi. Ushbu boshqaruv 2013-yilda tuzilgan mehmonxonani boshqarish bo‘yicha kelishuv asosida amalga oshiriladi.
2022-yil iyul oyida esa DABA mehmonxonani sotib olish bo‘yicha arizalarni yig‘a boshlagan.
Xaridor haqida
Alfa Invest 2003-yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi yirik sug‘urta kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya ixtiyoriy va majburiy sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi, shu jumladan, mehmonxona biznesi sohasida ham sug‘urta xizmatlari bilan shug‘ullanadi.
2023-yil avgust holatiga ko‘ra, kompaniyaning aktivlari hajmi 216,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi avvalroq International mehmonxonasining xususiylashtirilgani haqida ma’lum qilgandi. Mazkur mehmonxonaning xaridori sifatida Smart Fast Stroy qurilish kompaniyasi chiqqan va u 26 mln dollar taklif qilgan.