2025-yilda 200 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosini iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bu haqda 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi.
Hukumat rahbari ushbu lavozimga qayta tayinlanishidan oldin parlament quyi palatasiga Vazirlar Mahkamasining qisqa va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etdi.
Xususan, 2030-yilga qadar 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 400 ta chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Dastur “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosida ishlab chiqilgan. Rejalashtirilgan chora-tadbirlar qatorida mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish borasidagi ishlarni davom ettirish ham bor.
Abdulla Aripovning aytishicha, prezident hukumatga mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning ish haqi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda bandligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar qo‘ygan.
“2025-yilning o‘zida Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Isroil, Kanada, Polsha, Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA va shu kabi boshqa iqtisodiy rivojlangan 21 davlatda 200 mingdan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rish rejalashtirilmoqda”, — dedi hukumat rahbari (“O‘zbekiston 24” telekanali syujeti asosida).
Keyingi yillarda ham bu boradagi ishlar davom ettiriladi, xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni kasbiy mahorat va xorijiy tillarga o‘qitish uchun barcha sharoitlar yaratiladi, dedi bosh vazir.
O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda bir yoki bir nechta asosiy yo‘nalishlarga qaramlikni kamaytirish maqsadida mehnat migrantlari ish topishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish uchun mehnat migratsiyasi bozorlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida 100 ming nafarga yaqin fuqaroni tashkiliy ishga qabul qilish orqali xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish uchun o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Keyinchalik Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniya, shuningdek, Janubiy Koreya, Polsha, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda ishlash uchun 50 ming bo‘sh ish o‘rni uchun qabul e’lon qildi. Bu borada mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va o‘qitish bo‘yicha ham yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda.
Oktabrda prezident Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari haqida gapirgan edi. “Agar ular 1500−2000 dollar olsa, bu nur ustiga a’lo nur, biz ularga ko‘makchi bo‘lamiz. Lekin undan kam oylik olsa, o‘zimizda sharoit yaratib ishlatsak, o‘ylaymanki, adolatli tizim bo‘ladi”, — degandi u.
Sentabrda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida yuqori malakali mutaxassislar, jumladan, talabalar va kasb-hunar ta’limida o‘tayotganlar, jurnalistlar va olimlarning Germaniyaga kirishini osonlashtirish, shuningdek, noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborish bo‘yicha kelishuv imzolangan edi.