Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida homilador qiz operatsiya vaqtida vafot etdi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Holat yuzasidan tezkor o‘rganish natijasida 17-noyabr kuni soat 14:30 atrofida Bo‘ka tumani Yangiobod mahallasida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan N.S.ni onasi tuman tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga olib kelgani aniqlandi.
Bemor dastlabki tashxis bilan kasalxonaga yotqizilgan: “Homiladorlik-I, 30 hafta, siydik yo‘li infeksiyasi, semizlik-III daraja”. Biroq o‘sha kuni soat 17:10 larda u tilxat asosida shifoxonadan chiqib ketgan.
Oradan 3 kun o‘tib, 20-noyabr kuni soat 4:50 larda bemor N.S. ushbu tug‘uruq bo‘limiga qayta murojaat qilgan va tanasida shishlar hamda sariqlik belgilari bilan og‘ir ahvolda qabul qilingan. Unga “Homiladorlik-I, 30 hafta, siydik yo‘li infeksiyasi, o‘tkir yog‘li gepatoz, anemiya o‘rta og‘ir daraja, semizlik-III daraja” tashxisi qo‘yilgan.
O‘sha kuni soat 13:10 atrofida qizning ahvoli og‘irlashgan va shifokorlar maslahatidan so‘ng bemor reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Uning holati bo‘yicha viloyat perinatal markaziga xabar berilgan.
Bemorning sog‘lig‘i inobatga olinib, operatsiya soat taxminan 14:55 da boshlangan. SSVning ta’kidlashicha, operatsiya chog‘ida bemorda barcha in’eksion muolajalar tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq bajarilgan.
Biroq jarrohlik amaliyoti vaqtida N.S.ning umumiy ahvoli yomonlashib, klinik o‘lim sodir bo‘lgan. Tegishli reanimatsion muolajalar bajarilishiga qaramay, bemorda soat 17:50 atrofida biologik o‘lim qayd etilgan.
Dastlabki xulosaga ko‘ra, qizning o‘limiga “o‘pka arteriyasining tromboembolik sindromi, og‘ir gepatoz, o‘tkir jigar yetishmasligi, urosepsis, septik shok” sabab bo‘lgan. Taxminan soat 20:00 da shifoxona prokuraturaga bemorning o‘limi haqida xabar bergan.
Vazirlik munosabatida ижтимоий tarmoqlarda tarqalgan videoda aytilganidek homila ham vafot etganiga aniqlik kiritilmagan.
Daryo nashri marhum qizning yaqinlari bilan suhbatlashdi. Ularning aytishicha, qiz va uning bolasi kunduzi vafot etgan bo‘lsa-da, ularning yaqinlariga o‘lim haqida faqat kechqurun xabar berilgan.
O‘limidan oldin qiz onasiga qo‘ng‘iroq qilib, unga qandaydir ukol qilinganini, shundan keyin uning ahvoli yomonlashganini aytgan.
“U menga soat 13:30 larda qo‘ng‘iroq qilib: „Menga qandaydir ukol qilishdi, shundan keyin o‘zimni yomon his qilyapman, qon ketyapti“, dedi”, — dedi marhumning onasi.
Qizning qarindoshi marhumni tibbiy muassasada qanday topganini ham aytib berdi. “Kasalxonaga keldim, uchinchi qavatga chiqdim (operatsiya bo‘lgan joyga) — hech kim yo‘q. O‘zim eshikni ochib kirsam, o‘lik yotibdi, yoniga „odeyalo“ tashlab qo‘yilgan. Shunday yuzini ochsam, qonga belangan, postelgacha qon. Uning yonida bir bola yotibdi. O‘limdan keyin ular shundayligicha tashlab chiqib ketishgan”.
SSVning ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan vazirlik bosh akusher-ginekologi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda. O‘z navbatida, Bo‘ka tumani prokuraturasi qizning o‘limi yuzasidan tergov olib bormoqda.