Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bosh vazir tasdiqlangan majlisida yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish zarurligi haqida gapirdi.

Qayd etilishicha, bu yoshlar ongu tafakkurida milliy g‘urur bilan birga umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yoshlarni zamonaviy bilim va dunyoqarash, daromadli kasb egalari etib tarbiyalash, ularni ilm-fan, IT texnologiyalar, ma’naviyat, san’at va adabiyot, sport bilan oshno etish uchun hech narsa ayalmasdan, bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi.

“Bugun faqat mana shunday ilg‘or yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, vatan ravnaqi yo‘lida birlashgan xalqqa ega bo‘lgan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashga erisha oladi. Bizning ikkita o‘q tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri — iqtisodiyot, biri — ma’naviyatdir. Ma’naviy buyuk xalq — iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda jamiyatdagi ochiqlik va erkinlik muhitini, millatlar va dinlar o‘rtasidagi ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligi, vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha boshlangan ishlar davom ettirilishini ta’kidladi.

“Bugun butun dunyo nihoyatda notinch va tahlikali vaziyatda davlatimizning mustaqilligi va suverenitetini, xalqimizning tinch va erkin hayotini eng bebaho boylik sifatida asrash va himoya qilish eng muhim vazifa bo‘lib qoladi”, — dedi Mirziyoyev.

“Hech qachon unutmasligimiz zarur: mamlakatimiz xavfsizligi, yurtimiz mudofaasi nafaqat Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish idoralari, balki O‘zbekistonni o‘zi uchun ona vatan deb biladigan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha insonlarning muqaddas burchidir. Buning uchun yagona vatan, ko‘p millatli yagona ahil oila tuyg‘usi har birimizning qalbimiz, yuragimizdan chuqur joy olishi lozim”, — dedi u.

Uning aytishicha, dunyoda turli xatar va tahdidlar avj olib borayotgan hozirgi sharoitda Qurolli Kuchlarning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga e’tibor yanada kuchaytirilishi belgilandi.