Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahrida “Ijtimoiy taksi” pilot loyihasini ishga tushirdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar bermoqda.

Loyiha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va tayanch-harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy soha obyektlari va ta’lim muassasalariga borishda qulayliklar yaratishga qaratilgan.

“Ijtimoiy taksi” xizmatiga qanday buyurtma berish mumkin?

Xizmat Yandex Go ilovasi orqali amalga oshiriladi. Nogironligi bor shaxslar uchun moslashtirilgan “maxsus funksiya” ilovaning alohida ekranida mavjud (“buyurtma” qismining o‘ng tomonidagi tugma bosiladi). Uni istalgan tarifda sayohat uchun tanlash mumkin (start, komfort yoki komfort+). Qo‘shimcha funksiyalardan foydalanganda narx o‘zgarmaydi.

Buyurtmani qabul qilgan haydovchiga quyidagi vazifalarni bajarish zarurligi haqida xabar beriladi:

  • “Mashina topishga yordam bering” — haydovchiga yo‘lovchiga mashinani topishga, uning yoniga kelish va salonga o‘tirishga yordam berish kerakligi haqida izoh beradi;
  • “Men faqat matn orqali muloqot qilaman”, “Men gapirolmayman, lekin eshitaman” — sayohat vaqtida nutqi va eshitishida muammolari bo‘lgan odamlar haydovchi bilan chat orqali muloqot qiladi;
  • “Nogironlar aravachasidaman” — yo‘lovchiga mashinaga o‘tirishda yordam kerak bo‘lishi va bo‘sh yukxonaga muhtoj bo‘lishi mumkinligi haqida izoh ko‘rinadi.