Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni yoshlarni sportga keng jalb etish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Hozir mamlakatda 10 milliondan ortiq kishi ommaviy sport bilan shug‘ullanib, ta’lim va mehnat jamoalarida musobaqalar muntazam o‘tkazilmoqda. Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslar ishlab chiqildi, deyiladi xabarda.
“Mahalla ligasi” va “Maktab ligasi” sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etish taklif etilmoqda. Davlat oliy ta’lim muassasalarida sport klublarini tashkil etish va ular o‘rtasida “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi”, “Rektor kubogi” kabi musobaqalarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Har payshanbani “Jismoniy tarbiya va sport kuni” sifatida belgilash taklif etildi. Sport maktablarida yoshlarni jalb etish natijalariga qarab ustama to‘lash tizimi joriy etiladi. Muassasalar infratuzilmasi bosqichma-bosqich sportga ixtisoslashtiriladi.
Bundan tashqari, jamoaviy sport turlari bo‘yicha milliy ligalar qo‘llab-quvvatlanadi. Mahalliy hokimliklar huzurida hududiy sport klublari tuziladi. ERP Sport elektron tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va seleksiya qilish joriy etiladi. Tizim maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimini joriy etilib, ularga beshtagacha mahalla va ta’lim muassasalari biriktiriladi. Mahallalarda to‘garaklar tashkil etgan trenerlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.