19-noyabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklarni himoya qilish va karantini agentligiga AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan (USAID) 205 ming dollarlik laboratoriya uskunalari topshirildi, deya xabar qilmoqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati.
Yangi uskunalar agentlikning Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida o‘simliklarning salomatligini tahlil qilish imkoniyatlarini oshirib, O‘zbekistonning xalqaro qishloq xo‘jaligi standartlariga, xususan, Xalqaro o‘simliklarni himoya qilish konvensiyasi (IPPC) doirasidagi talablarga muvofiqligini ta’minlaydi.
Jihozlar IPPC doirasida laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazishda muhim rol o‘ynaydi, bu esa diagnostika xatolarini kamaytirish va o‘simliklarning sog‘ligini tahlil qilish jarayonlarini tezlashtirishga yordam beradi. Bu O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi va o‘simliklarni himoya qilishni yaxshilash hamda xalqaro hamkorlar bilan savdo standartlarini oshirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi, deyiladi xabarda.
O‘simliklarni himoya qilish va karantini agentligi 2021-yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi negizida tashkil etilgan. Unga tuproqni agrokimyoviy tahlil qilish va o‘g‘it sifatini nazorat qilish, o‘simliklar klinikasi va biologik laboratoriyalarni rivojlantirish, daraxt, buta va gullarni zararkunandalardan himoya qilishni nazorat qilish kabi vazifalar yuklangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mart oyida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 mlrd dollarga yetkazish rejalari bilan tanishgandi.