Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mamlakat sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni hibsga olishga order berdi, deb xabar bermoqda sud sayti.

Sud Netanyahu va Gallantni 2023-yil 8-oktabrdan 2024-yil 20-mayga qadar G‘azo sektorida sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlarda ayblayapti.

“Har ikki shaxs G‘azodagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan narsalardan, jumladan, oziq-ovqat, suv, dori-darmon va tibbiy buyumlardan, shuningdek, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan va ongli ravishda mahrum qilgan deb taxmin qilishga asoslar bor”, — deyiladi sud bayonotida.

Sud Netanyahu va Gallantning xatti-harakatlari G‘azo aholisining katta qismini asosiy huquqlaridan, jumladan, yashash va sog‘liqni saqlash huquqidan mahrum qilgan deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, sud Netanyahu va Gallantni G‘azo aholisiga qasddan harbiy hujumlar uyushtirganliklari uchun jinoiy javobgar deb hisoblaydi.

исроил, ғазо

Yoav Gallant (chapda) va Binyamin Netanyahu. Foto: Yoav Gallant / X.

  • Netanyahu va Gallantni hibsga olish uchun order berishni 2024-yil may oyida Xalqaro jinoiy sudi prokurori Karim Xon so‘ragandi. U, shuningdek, HAMAS guruhining yetakchilari, jumladan, Ismoil Haniya va Yahyo Sinvarni hibsga olish uchun order berishni talab qilgan, ammo ular keyinchalik o‘ldirilgan.
  • 2024-yil iyul oyida AQSh Kongressidagi nutqida Netanyahu XJSni “Isroilning qo‘lini kishanlashga urinish”da ayblab, bunday qadam “barcha demokratik mamlakatlarning terrorizmga qarshi kurashish qobiliyatiga” tahdid solishini aytgan.
  • Yoav Gallant 2024-yil noyabr oyi boshida Isroil mudofaa vaziri lavozimidan iste’foga chiqarilgan edi. Netanyahu buni o‘zaro ishonchning yo‘qligi va G‘azo hamda Livanda urush olib borish bo‘yicha kelishmovchiliklar bilan izohlagan.

Gaagadagi sud 1998-yilda imzolangan Rim statuti asosida tashkil etilgan. Bu harbiy jinoyatlar, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblangan jismoniy shaxslarni sud qilish vakolatiga ega bo‘lgan yagona suddir. Sudning o‘z politsiyasi yo‘q, shuning uchun u o‘z yurisdiksiyasini tan olgan mamlakatlarning yordamiga tayanadi. XJS ishlarni sirtdan ko‘rib chiqmaydi — ayblanuvchi sud binosida bo‘lishi kerak. 2024-yil holatiga ko‘ra, XJSning Rim statuti 124 davlat tomonidan imzolangan. Isroil, AQSh va Rossiya ular qatoriga kirmaydi.