20-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarni e’lon qilgandan so‘ng, 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili deb nomlashni tavsiya qildi. Davlat rahbari yil uchun tanlangan nomga izoh berib, bu haqda juda ko‘p muddat o‘ylaganini ta’kidladi.
“Qo‘llab-quvvatlasangizlar, 2025-yilni Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili deb e’lon qilsak? Yil nomini shunday qo‘yganimizni men juda ko‘p o‘yladim, tabiatni asrash degan jumla ichida juda katta narsa mujassam”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev har bir huquqiy hujjat yashillikka olib borilsa, uning natijasi yaxshi bo‘lishi haqida so‘zladi.
“Nima uchun, bir yilni shunga bag‘ishlaymiz, qonunlarimizni charxlab, ishlarimizni saranjom qilib olamiz. Hech kim bizga ishonmagan edi: O‘zbekiston shamol, quyosh va gidroelektr bo‘yicha shunday qilishiga. Yashil iqtisodiyot yili deganda tajriba o‘rganamiz. Har bir qaror, qonun, farmonni yashillikka olib borsak, o‘ylaymanki, yaxshi bo‘ladi”, dedi u.
Yashil iqtisodiyot bo‘yicha biz to‘qimachilik bo‘yicha Yevropa davlatlariga mahsulotimizni sotyapmiz. Ko‘pi bilan 4 yil kerak. Ular bizga qaysi energiyada ishlab chiqarding deb aytishadi, biz bunga tayyor bo‘lishimiz kerak, deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
“Qayerga borsam, ular qaysi energiyadan foydalanishayotgani haqida so‘rayman. Aqllilar quyosh batareyalarini qo‘yib, juda katta energiya olyapti”, — dedi u.
Prezidentning ta’kidlashicha, tadbirkorlar ham mamlakatning juda katta qudrati. Ularning soni 1,5 mln nafar bo‘ldi, 2030-yilgacha ularning sonini 3 mln nafarga chiqarish reja qilingan. Ular ham yashil iqtisodiyotga o‘zining imkoniyatini namoyon qilib, tashabbus bilan chiqishsa, biz aytgan katta-katta marralar albatta natijasi bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari sog‘liqni saqlash nuqtai nazaridan ham [bu nom] odamlarga yengillikdir. Shuningdek, prezident suv tanqisligi, kelajakda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha salbiy ta’sirni ko‘rsatish kerakligini eslatdi.
Shuningdek, u o‘z nutqida mamlakatda keng o‘tkaziladigan “Yashil makon” umummilliy dasturini ham tilga olib, tizimda shu vaqtgacha yo‘l qo‘yilgan asosiy kamchilik haqida gapirdi.
““Yashil makon”ni ham birinchi boshlaganimizda (daraxtni) ekdik, parvarishni bilmadik. Endi ekishdan oldin parvarishni, suvni o‘ylaylik. Kerak bo‘lsa, shunga manfaatdor xususiy qilib ekkan daraxtni topib beraylik. Odamlarimiz uchun xonadon, ko‘cha, mahallasi, shahrida, viloyatda, maktablarda, oliygohlarda, korxonalarda atrof-muhitni asrash bo‘yicha muhit yaratishimiz kerak”, — dedi prezident.
U “Yashil makon” yo‘nalishida hamma sohada “ona tabiat” degan jumlaning ma’nosiga yetish, yozuvchilar, shoirlar she’r, dostonlar yozib, kinolar chiqarilishi muhimligini, qolaversa, gazeta, radio, ijtimoiy tarmoqlarda mana shu yo‘nalishni baralla gapirish orqali muhit yaratishni taklif qildi.