Uzbekistan Airports kompaniyasi o‘zining ijtimoiy siyosati doirasida ilk bor sakkiz nafar eshitishida nogironligi bor kishini ish bilan ta’minladi. Ular “Toshkent” aeroportida faoliyat yurituvchi Uzbekistan Airports Handling ekspeditorlik kompaniyasining aeroport terminali xizmatiga yuk aravachasi operatori sifatida ishga qabul qilindi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Aeroportda O‘zbekiston karlar jamiyati rahbari Go‘zal Shodiyeva va Aviatsiya ishchilari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Ulug‘bek Nazirov ishtirokida yangi xodimlarni ishga qabul qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ularga kasaba uyushma a’zosi guvohnomalari topshirildi.
O‘zbekiston aeroportlari va Karlar jamiyati vakillari frontlayn personallarni (yo‘lovchilar bilan bevosita ishlovchi xodimlar), jumladan, yo‘lovchi tashish xizmati xodimlari va axborotni qo‘llab-quvvatlash agentlarini imo-ishora tiliga o‘qitishga kelishib oldi.
“Bu kompaniya uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay muhit yaratish bo‘yicha muhim tashabbusdir”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkent xalqaro aeroportidagi rekonstruksiya doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus jihozlar o‘rnatilayotgani xabar qilingandi. Bunda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun tiflotexnik vositalar, taktil piktogrammalar, tovush va taktil mimik diagrammalar, axborot vositalari, yordam chaqirish tugmalari joylashtirilmoqda.