Jahon bolalar kuni munosabati bilan UNICEF va hamkorlar bolalarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilishning o‘rniga muqobil adolatli sudlov variantlarini taklif qiladigan islohotlarni amalga oshirishga hamda O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum qilishni faqatgina so‘nggi chora sifatida qo‘llashga chorladi.
Ushbu chaqiriq Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, bolalar ombudsmani va YUNISEF tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida e’lon qilindi. Bu haqda BMT Bolalar jamg‘armasi axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda bolalar uchun jinoiy odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish va targ‘ib qilish, shuningdek, islohotlar odil sudlovni bolalar uchun qanchalik adolatli va xavfsiz qilishi mumkinligi haqida xabardorlikni oshirish tadbirda muhokama qilingan asosiy masalalar bo‘ldi.
Hozirda O‘zbekistonda bolalarga kattalar bilan bir xil jazo turlari, jumladan, jarima, jamoat ishlari va hatto ozodlikdan mahrum etish ham qo‘llaniladi. Ko‘pgina mamlakatlarda qonunlar huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan bolalarga sudlov jarayonidan o‘tish o‘rniga o‘z hayotini tiklash va jamiyatga qayta integratsiyasi uchun imkoniyat berib, ularni qo‘llab-quvvatlaydi, deyiladi xabarda.
“UNICEF sud jarayonlarida ishtirok etayotgan bolalar uchun xoh jabrlanuvchi, xoh guvoh yoki jinoyatda ayblanuvchi sifatida bo‘lsin, kattalar uchun mo‘ljallangan tizimlar emas, balki ularning farovonligini himoya qiluvchi jinoiy adliya tizimlari zarur deb hisoblaydi”, — dedi UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio.
BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonga hibsga olish o‘rniga maslahat, vositachilik va jamoat ishlari kabi choralarni joriy etishni tavsiya qilgan. Hozirda O‘zbekiston huquq tizimida bolalar uchun faqat cheklangan muqobil choralar mavjud.
“Ozodlikdan mahrum qilishdan boshqa variantlar bo‘lishi muhim”, — dedi xalqaro sudya, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining sobiq raisi Renate Vintyor. “Ozodlikdan mahrum qilish so‘nggi chora bo‘lib, faqat zarurat tug‘ilganda qo‘llanilishi va muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqilishi kerak”.
“Biz bolalarga qonun bilan ziddiyatli vaziyatlarda yoki ularning huquqlari buzilgan hollarda o‘zlarini xavfsiz his qilishiga imkon beruvchi samarali, bolalarga do‘stona odil sudlov tizimini ilgari suramiz. Bolaning eng ustun manfaatlariga tayangan bunday yondashuv faqat nihoyatda kam hollarda bolani ushlab turishga yo‘l qo‘yadi”, — dedi Bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonova.
Davra suhbati ishtirokchilari qonun bilan ziddiyatda bo‘lgan bolalarga nisbatan jamoatchilik asosidagi chora-tadbirlarni O‘zbekiston milliy qonunchiligiga qanday kiritish, bu islohotlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha fikr almashdi.