Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O‘zbekistondagi maktablarda bulling yoki bezorilik o‘quvchilarning akademik yutuqlariga qanday ta’sir qilishi o‘rganildi.

Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni uzoq kutilgan “Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan. Qonunning asosiy maqsadi zo‘ravonlikning oldini olish, undan jabr ko‘rgan bolalar bilan ishlash va oilalarda farovonlikni ta’minlash tizimini yaratishdan iborat.

MHTI ushbu qonun nega muhimligini tushuntirib o‘tgan. Institut o‘rganishlariga ko‘ra, maktabdagi bulling o‘quvchilarning ruhiy salomatligi va ta’lim natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uzoq muddatda inson kapitalining rivojlanishi, demografik dividend, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Bulling holatlari yuz berganda, u nafaqat jabrlanuvchilarning ruhiy yoki jismoniy holatiga zarar yetkazadi, balki ularning o‘quv ko‘rsatkichlarini pasaytirib, ta’lim olish darajasining tushishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida, malakasi past ishchi kuchining shakllanishiga olib keladi va natijada iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.

Manba: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiManba: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Tadqiqotda O‘zbekistonda olingan PISA-2022 so‘rovi natijalaridan foydalanildi. So‘rov mamlakatning turli hududlari bo‘yicha 15 yoshli o‘quvchilarning javoblarini mujassam etgan bo‘lib, uning asosida yaratilgan ma’lumotlar bazasi 202 ta maktab va 7293 nafar o‘quvchini qamrab oladi.

Mazkur so‘rov natijalariga ko‘ra, kamida har yetti o‘quvchidan bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi va zo‘ravonlik yoki bezorilikka guvoh bo‘lgan. Ular yiliga kamida bir marotaba duch keladigan muammolar bular: o‘quvchilarning yomon gaplarni tarqatishi (21 foiz), maktab hududida boshqa o‘quvchilar bilan urishishi (17 foiz), boshqa bolalar tomonidan kamsitilishi (16 foiz).

Manba: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiManba: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Tahlilda bir oyda bir necha marotaba bullingga duch keladigan o‘quvchilarda:

  • jinslar kesimida o‘g‘il bolalarda qiz bolalarga nisbatan bullingga 3,7 foiz ko‘proq uchrashi aniqlandi (o‘g‘il bolalar 19,1 foiz, qiz bolalar 15,4 foiz).
  • muhojir oilalardan kelib chiqqan o‘quvchilar esa muhojir bo‘lmagan oilalardan kelib chiqqan o‘quvchilarga qaraganda bullingga 13,6 foiz ko‘proq uchrashi ma’lum bo‘ldi (muhojir bo‘lmagan oilalardan kelib chiqqan bolalar 17,1 foiz, aks holda 30,6 foiz).
  • maktabning joylashuvi bo‘yicha shahardagi o‘quvchi bolalar, qishloqdagi o‘quvchi bolalarga nisbatan bullingga 3,8 foiz ko‘proq uchrashi aniqlandi (shahar hududida 19,4%, qishloq hududida 15,6 foiz).
  • O‘zbekistonda o‘quvchilarning 4,2 foizi yiliga kamida bir marotaba boshqa o‘quvchilar qo‘rqitgani uchun ularga pul berib turishini aytgan (IHTT o‘rtachasi — 2,1 foiz, PISA o‘rtachasi — 3,9 foiz, Qozog‘iston — 2,1 foiz).

MHTI mutaxassislarining tadqiqoti natijalariga ko‘ra:

  1. Repest modeli yordamida qilingan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, maktabda xavfsizlik indeksining bir birlikka yomonlashishi o‘quvchilarning bahosini matematikadan o‘rtacha 5,2 ballga, o‘qishdan 6,2 ballga, tabiiy fanlardan 4,7 ballga kamaytiradi.
  2. Bullingga uchrash indeksining bir birlikka oshishi o‘quvchilarning ballarini matematikadan o‘rtacha 5,0 ballga, o‘qishdan 5,4 ballga, tabiiy fanlardan 4,8 ballga kamaytiradi.
  3. Bulling turlari orasida tovlamachilik (ya’ni, qo‘rqitish orqali pulni tortib olish) o‘quvchilarning akademik natijalariga eng kuchli ta’sir qilishi aniqlandi. Undan aziyat chekkan o‘quvchilarning ballari matematikadan o‘rtacha 57,6 ballga, o‘qishdan 67,4 ballga, tabiiy fanlardan 67,0 ballga kamayishi aniqlandi. Shuningdek, jismoniy va og‘zaki bulling kabilar ham o‘quvchilarning ta’lim olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardir.

Tadqiqot mualliflari maktablardagi bunday muammolarni kamaytirish uchun qator takliflar bergan. Italiyaning “No Trap!” nomli bulling va kiberbullingga qarshi dasturini O‘zbekiston uchun joriy etish. Bu dastur quyidagi asosiy xususiyatlardan iborat:

  • o‘quvchilar, o‘qituvchilar va psixologlar uchun resurslar va tayyorgarlikni taqdim etish;
  • onlayn hamjamiyat orqali o‘quvchilar o‘rtasida muhokamalar tashkil etish;
  • o‘quvchilar tengdoshlaridan bullingga qarshi kurashish bo‘yicha ta’lim olib, bullingga qarshi kurashishini ta’minlash.

Shuningdek, Finlyandiya tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston maktablarida ham bullingga qarshi KiVa dasturini amalga oshirish taklif qilingan. KiVa dasturi o‘z ichida bullingni oldini olish uchun darslar va onlayn o‘yinlar, jabrlanuvchiga ma’naviy ko‘mak, bulling bilan shug‘ullangan bolaning ota-onasi bilan suhbat, maktab muhitini baholash uchun o‘quvchilar va xodimlar uchun onlayn so‘rovlar o‘tkazish kabilarni jamlaydi.

Ma’lumot o‘rnida, prezident tomonidan imzolangan qonunda bolaning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati hamda qonun bilan himoyalanadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan va uning asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan harakatlar yoki harakatsizlik, shu jumladan, internetdan foydalangan holda sodir etilgan harakatlar (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etilishi belgilangan.

Bola huquqlarini himoya qilish uning ota-onasi yoki vasiylari, vasiylik va homiylik organlari, prokuror yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili moddiy va ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilganda qonunga muvofiq davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi. “Gazeta.uz” hujjatning batafsil sharhini taqdim etgan.