22-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida bloger va sobiq deputat Kobul Dusovga oid ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, sobiq deputat ustidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyev jabrlanuvchi sifatida ariza bergan. Bu haqda bloger Kobul Dusov ham o‘zining Telegram kanalida post yozgan. U yana bir qator postlarida ham senator haqida so‘zlab, uning faoliyati to‘g‘risida haqoratomuz so‘zlar ishlatgan.

Sud blogerni Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi “a” bandida (Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

“Sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan tashqari, jinoyat ishida to‘plangan dalillar bilan, ya’ni jabrlanuvchilarning arizasi, tushuntirish xatlari, guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga doir lingvistik ekspertizalar xulosalari, yozuvlar skrinshoti, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi „Kabul Dusov“ nomli profilni va Telegram messenjeridagi „Kobul Dusov | RASMIY KANAL“ nomli kanalni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, sudga doir kompleks ekspertizalar xulosalari hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlangan deb hisobladi”, — deyiladi Oliy sud xabarida.

Keltirilishicha, Kobul Dusov sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi cheklanadi va unga qo‘shimcha ravishda internetdan foydalanolmaydi, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaydi, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turadi. Shuningdek, mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaydi.

Oliy sud birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligini eslatdi.

Eslatib o‘tamiz, Kobul Dusov 2020-yilda ham Xalq ta’limi vazirligi tizimini tanqid qilgani uchun tashkilot bilan sudlashib, aytgan gaplari uchun raddiya berish majburiyatini olgandi.