O‘zbekistondagi yirik korxonalarda gaz qazib olish 2024-yil oktabr oyida 3,6 milliard kubometrgacha qisqardi. Bu “Gazeta.uz” o‘rgangan prezident huzuridagi Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Bu 2023-yilning oktabriga (3,79 milliard) nisbatan 5 foizga (189,7 million kubometr) va 2022-yilning sentabriga (4,23 milliard) nisbatan 14,8 foizga kamdir.

Yanvar-oktabr oylarida qazib olish hajmi 37,1 milliard kub/metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,87 milliard kub/metrga kam. 2019-yilning shu davriga (50,1 milliard) nisbatan pasayish 13 milliard kub/metrni tashkil etdi. Bu aholi tomonidan gaz iste’molining yillik hajmidan (2022-yil uchun) ko‘pdir.

Gaz ishlab chiqarishning pasayishi bir necha yildan beri davom etmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektr energiyasining 70−80 foizi gaz yoqish hisobiga ishlab chiqariladi.

Statistika agentligi yaqinda yirik va kichik korxonalar kesimida elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni e’lon qilishni boshladi. 10 oy ichida ishlab chiqarishning umumiy hajmi 4,7 foizga o‘sib, 63,7 milliarddan 66,6 milliard kVt·soatga yetdi.

Aksariyati gazda (shuningdek, ko‘mir va GESlarda) ishlaydigan yirik energiya ta’minoti korxonalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish oktabr oyida 5,52 milliard kVt·soatga tushdi, bu o‘tgan yilning oktabr oyiga (6,1 milliard) nisbatan deyarli 600 million kVt·soat (-9,8 foiz) kamdir.

Yanvar-oktabr oylarida ishlab chiqarish 58,8 milliard kVt/soatgacha kamaydi, bu 2023-yilning o‘n oylik ko‘rsatkichiga nisbatan 6,7 foizga yoki 4,2 milliard kVt/soatga kamdir.

Yo‘qotishlar quyosh va shamol elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan qoplanmoqda (generatsiyadagi ulushi 11,6 foizgacha oshdi) — 7,78 milliard kVt·soat.

Oylik neft qazib olish 59,8 ming tonnaga tushdi (2023-yil oktabr oyiga nisbatan -6,4 foiz, yoki 4100 tonna kam).

10 oy ichida neft ishlab chiqarish 602 ming tonnagacha (-7,2 foiz yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 46,4 ming tonna kam) pasaydi.

Oktabr oyida 94,9 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2023-yilning oktabriga (100,3 ming) nisbatan 5,4 foizga yoki 5,4 ming tonnaga kamdir. O‘n oylik taqqoslashda ham pasayish davom etib, 1,09 million tonnani (-1,5 foiz) tashkil etdi. Umuman olganda, benzin ishlab chiqarish ketma-ket uchinchi oy pasaymoqda.

O‘tgan oyda dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 78 ming tonnadan 81 ming tonnagacha ko‘tarilib (o‘tgan yilning oktabriga nisbatan 3,8 foiz), 2023-yilning yanvar-oktabr oylari bilan taqqoslaganda (yilma-yil) 0,6 foizga o‘sish saqlanib qolmoqda — 858,8 ming tonna. 2023-yilning yanvar-oktabr oylari bilan taqqoslaganda (yilma-yil) 0,6 foizga o‘sish saqlanib qolmoqda — 858,8 ming tonna.

Oylik ko‘mir qazib olish rekordni yangilashda davom etib, 1,02 million tonnaga (+360,2 ming) yetdi, bu o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan 1,5 baravar ko‘pdir. Yil boshidan buyon ishlab chiqarish 24 foizga o‘sib, 6,34 million tonnani tashkil etdi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gaz qazib olishni 62 milliard kubometrga yetkazish rejalashtirilgan (lekin so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich pasaymoqda). Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov agar Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlari kutilgan natijalarni bermasa, ko‘rsatilgan yilga kelib import 10−11 milliard kubometrga yetishi mumkinligini ma’lum qilgandi.