Namanganda Buyuk Britaniyaga ishga yuborish uchun 12 ming AQSh dollari olganlikda gumonlanayotgan shaxs Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi. Bu haqda Telegram`dagi Xavfsizlik kanali xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Namangan viloyatining Kosonsoy shahrida yashovchi 26 yoshli shaxs 4 nafar samarqandlik fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zining mansabdor tanishlari orqali ularni Buyuk Britaniya davlatiga ishlash uchun yuborishga kelishgan. U buning uchun zarur bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirish hamda viza olishda yordam berishini aytib, evaziga 12 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (Ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28, 211-moddasi 2-qismi “b” bandi (Takroran pora berishda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida Samarqandda AQShga jo‘natish uchun uy-joy, Jizzaxda Janubiy Koreyaga yuborishga — 12 600 dollar talab qilganlar qo‘lga olingandi. Shu kabi holat Toshkentda ham sodir bo‘ldi. Firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.