21-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun [O‘RQ-1004-son] bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi. Qonun Senatda 24-oktabr kuni ma’qullangandi.
Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha (150 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha) jarima belgilanmoqda yoki muayyan huquqdan mahrum qilinmoqda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda qo‘shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ham kiritildi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirilmoqda.
Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa obyektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoxud o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital ta’mirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravaridan 50 baravarigacha (13 mln 125 ming so‘mdan 18 mln 750 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan 75 baravarigacha (22,5 mln so‘mdan 28,1 mln so‘mgacha) jarima nazarda tutilmoqda.
Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik esa 2 baravarga oshirildi.
Shu bilan birga, Ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 875 000 so‘mdan 3 750 000 so‘mgacha) mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha (7 500 000 so‘mdan 11 250 000 so‘mgacha) jarima belgilanmoqda.