Prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan mamlakat tashqi savdosi haqidagi hisobotiga ko‘ra, yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston rekord darajadagi 1,36 milliard dollarga gaz import qilgan.

Bu yetkazib berish hajmi 561,7 million dollarni tashkil etgan 2023-yilning 10 oyidagiga nisbatan 2,4 barobar (pul ko‘rinishida) ko‘p. Bu o‘tgan yil davomida import qilingan gazning umumiy hajmidan (694,9 million dollar) ham qariyb 2 barobar ko‘p.

Yanvarda “ko‘k yoqilg‘i” importi 35,6 million dollarni tashkil etgan, fevralda — 3,7 barobar ko‘p yoki 131,1 million dollar, martda — 193,5 million dollar, aprelda — 102,6 million dollar, mayda — 180,4 million dollar, iyunda — 166,3 million dollar, iyulda — 174,2 million dollar, avgustda — 168,3 million dollar, sentabrda — 126,3 million dollar. Statistika agentligi yetkazib berishning fizik hajmini oshkor etmaydi.

Oktabrda 86,7 million dollarlik gaz yetkazib berildi, bu 2023-yil oktabriga (73,8 million dollar) nisbatan 17,4 foizga ko‘p.

O‘zbekiston, shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq gaz eksport qila boshladi. Yetkazib berish hajmi 540,4 million dollarga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga (458,2 million dollar) nisbatan 17,9 foizga ko‘p. Yanvarda bu ko‘rsatkich 21 million dollarni tashkil etdi, fevralda — 5,7 million dollar, martda — 18,7 million dollar, aprelda — 6,9 million dollar, mayda — 7,6 million dollar, iyunda — 181,5 million dollar, iyulda — 81,7 million dollar, avgustda — 81,7 million dollar, sentabrda — 74,7 million dollar.

Oktabrda eksport 60,9 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning oktabriga (46,5 million dollar) nisbatan 1,3 barobar ko‘p. O‘zbekiston gazni asosan Xitoyga, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistonga yetkazib bermoqda.

XXR Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon Xitoyga o‘zbek gazi eksporti 587,9 million dollarni tashkil etgan, bu 2023-yil o‘n oylik ko‘rsatkichidan (470,3 million dollar) 25 foizga ko‘p. Yanvarda Xitoy O‘zbekistondan 38,8 million dollarlik gaz import qildi, fevralda — 18,6 million dollar, aprelda — 11,4 million dollar, mayda — 85 million dollar, iyunda — 81,1 million dollar, iyulda — 69,2 million dollar, avgustda — 97,37 million dollar, sentabrda — 97,4 million dollar. Bunda ham fizik hajmlar oshkor etilmagan.

Oktabr oyida O‘zbekiston gazining importi 88,9 million dollarni tashkil etdi, bu 2023-yil sentabriga (42,38 million dollar) nisbatan qariyb 2,1 baravar ko‘p.

Bosh vazir Abdulla Aripov 2020-yilning yanvarida O‘zbekiston 2025-yilgacha gaz eksportini to‘xtatish niyatida ekanini aytgan edi. Gazni qayta ishlash, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish rejalashtirilayotgani ta’kidlangan.

2022-yilda “O‘ztransgaz"ning sobiq rahbari Bexzot Narmatov O‘zbekiston 2025−2026-yillarda gaz eksportini butunlay to‘xtatishi mumkinligini ta’kidlagan edi. O‘shanda mamlakatda ishlab chiqarilgan gazning 10 foizga yaqini Xitoyga eksport qilinar edi.

Yanvar-oktabr oylarida qazib olish hajmi 37,1 milliard kub/metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,87 milliard kub/metrga kam. 2019-yilning shu davriga (50,1 milliard) nisbatan pasayish 13 milliard kub/metrni tashkil etdi. Bu aholi tomonidan gaz iste’molining yillik hajmidan (2022-yil uchun) ko‘p.

2023-yil oktabr oyidan boshlab O‘zbekiston Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali teskari rejimda import qilmoqda. RFdan gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini modernizatsiya qilishga 500 million dollar sarmoya kiritish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Loyiha mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash, mavsumiy notekis iste’molni qoplash uchun qo‘shimcha gaz hajmlari va ushbu yoqilg‘ini yetkazib beruvchi kafolatlangan manbalar diversifikatsiyasida muhim ahamiyatga ega, deb atalmoqda.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gaz qazib olishni 62 milliard kubometrga yetkazish rejalashtirilgan (lekin so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich pasaymoqda). Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov agar Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlari kutilgan natijalarni bermasa, ko‘rsatilgan yilga kelib import 10−11 milliard kubometrga yetishi mumkinligini ma’lum qilgandi.