Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 2025-yil fevral oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Germaniya Sotsial-demokratik partiyasidan (GSDP) kanslerlikka nomzodini ko‘rsatishdan bosh tortdi, deb yozmoqda Reuters. Bir partiyalilar Pistoriusni o‘z nomzodini qo‘yishga chaqirgandi.
“Men hozirgina partiyamiz rahbariyatiga va parlament guruhiga federal kansler lavozimiga nomzodimni qo‘ymasligimni aytdim, — dedi Pistorius. — Bu mening suveren va tamomila shaxsiy qarorim”. Vazir Sholsni “ajoyib kansler” deb hisoblashini qo‘shimcha qildi. Videomurojaat kecha kechqurun GSDP ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilindi.
Boris Pistorius. Foto: bmvg.de.
GSDP rahbariyati kelasi haftada Sholsni kansler lavozimiga rasman nomzod qilib ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.
An’anaga ko‘ra, Germaniyada amaldagi kansler o‘z partiyasini yangi saylovlarda boshqaradi. Sobiq kansler Angela Merkel ketma-ket to‘rt marta g‘alaba qozongan. Ammo ikki yil avval Mudofaa vazirligi rahbari lavozimini egallaganidan beri mamlakatdagi eng ommabop siyosatchiga aylangan Pistoriusga GSDPda ustunlik berildi.
Shols boshchiligidagi SDP umummilliy so‘rovlarda 15 foizga yaqin ovoz to‘pladi, bu partiyaning 2021-yilgi saylovlardagi natijasidan 10 foizga past. O‘ng markazchi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) 33% va o‘ta o‘ng “Germaniya uchun alternativa” (GUA) 18% bilan undan yuqori natija ko‘rsatdi.
Shols, shuningdek, INSA instituti tomonidan tuzilgan eng ommabop 20 nafar nemis siyosatchisi reytingida oxirgi o‘rinni egalladi, Pistorius esa birinchi o‘rinni band etdi.
Sholsning yetakchiligiga shubhalar birinchi bo‘lib mintaqaviy amaldorlar tomonidan ochiq muhokama qilindi. “Sodda qilib aytganda, bizda ikki nomzod bor: biri Germaniyadagi eng ommabop siyosatchi, ikkinchisi esa buning aksi — ommabopligi eng kam bo‘lgan siyosatchi. Aslida, bu hammasini aytib turibdi”, — dedi Financial Times nashriga SDP a’zosi bo‘lgan Mayfeld shahri meri Maksimilian Mumm.
Reuters nashrining xabar berishicha, Sholsning atrofidagilar, qiyin vaziyatlarda kanslerning “ishonchli shaxs” sifatidagi obro‘sini inobatga olgan holda, u hali ham g‘alaba qozonishi mumkinligiga ishonch bildirmoqda.
Sholsning o‘zi avvalroq saylov poygasidan chetlashmasligini aytgan va quyi reytinglarni yaxshiroq natijaga erishish uchun motivatsiya deb atagan.