Energetika vazirligi O‘zbekistondagi issiqxona xo‘jaliklariga gaz yetkazib berishda cheklovlar mavjudligini rad etdi.

21-noyabr kuni moliyachi Otabek Bakirov gazdan uzilgan issiqxonalar somon va shinalar yoqayotgani, propan ishlab chiqarishga gaz yo‘qligi, gaz eksporti esa, aksincha, o‘sib borayotgani haqida yozdi.

Vazirlik 26-sentabrdagi prezident qaroriga (PQ-339) asoslanib, issiqxonalar tabiiy gazdan faqat o‘z vaqtida to‘lov qilingan taqdirda foydalanishi mumkinligini ma’lum qildi.

“Issiqxonalar uchun gaz yetkazib berishda hech qanday cheklovlar yo‘q. Ya’ni, issiqxona egalari belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan holda tabiiy gazdan foydalanish imkoniyatiga ega”, — deyiladi xabarda.

Oktabr, noyabr va dekabr oylarida issiqxonalarga gaz uchun avvalgi 100 foiz o‘rniga, 50 foizlik oldindan to‘lovni amalga oshirishga ruxsat berildi. Shuningdek, ular elektr va gaz uzilishlari haqida oldindan xabardor qilinishi kerak.

Avvalroq Toshkent tumani hokimligi va Ekologiya boshqarmasi issiqxonalarda filtrlar mavjudli bo‘yicha o‘rganish o‘tkazgan. Xususan, 10−14-noyabr kunlari ishchi guruh 25 gektar maydonda joylashgan 38 ta issiqxonani o‘rgangan. Aniqlanishicha, 29 ta issiqxona (19 gektar) o‘z faoliyatini davom ettirmoqda, 9 tasi esa ishlashni to‘xtatgan. 17 ta issiqxonada bodring va pomidor, 9 tasida gullar, 2 tasida ko‘katlar, 1 tasida limon yetishtirilmoqda. Issiqxonalarning 26 tasi ko‘mir bilan, 3 tasi esa tabiiy gaz bilan isitilmoqda.

Ulardan faqat 6 ta issiqxonada ekologik ekspertiza xulosalari mavjud va 7 tasida filtrlar o‘rnatilgan.

Issiqxonada dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan jami 3 ta issiqxona egalariga jarima qo‘llanildi, 9 tasining faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha Iqtisodiy sudga da’vo arizalari kiritildi, 29 ta faoliyat yuritib kelayotgan issiqxonalar egalari davlati standarti talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatmagan taqdirda, qonuniy javobgarlikka tortilishlari haqida ogohlantirildi.

Moliyachi Otabek Baqirovning ta’kidlashicha, issiqxonalarga uzluksiz gaz ta’minoti va’da qilingan bo‘lsa-da, muammoning asli sababi gaz yetishmovchiligida. Oqibatda, ular ko‘mir, shina, chiqindi va boshqa ko‘p tutun chiqaradigan mahsulotlardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.