Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in-qutqaruv qismida 4 milliondan ortiq pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 22-noyabr kuni qo‘mita Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda ilk bor va katta masshtabda pirotexnika buyumlarini yo‘q qilish tadbirini tashkil etgan.

Tadbirda mas’ul organlar tomonidan o‘tkazilgan turli tadbirlar davomida muomaladan olib qo‘yilgan 4 million 65 ming 562 dona pirotexnika buyumlari dastlab suvda bo‘ktirilib, yaroqsiz holatga keltirildi va maxsus xandaqqa ko‘mib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Axlimirzayevning ma’lum qilishicha, yo‘q qilingan pirotexnika vositalarining salkam 88 foizi, ya’ni 3 million 537 ming donasi so‘nggi bir yil davomida bevosita bojxona organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan.

Masalan, 2023-yil 15-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sergeli tumanida avvaldan kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni ko‘zdan kechirilganida, 12 turdagi 162 ming 153 dona salyutlar va petardalar saqlanayotgani aniqlangan. Ushbu holatni sodir etgan shaxs avval ham aynan pirotexnika buyumlari savdosi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etib, sudlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining hukmiga ko‘ra, bu safar fuqaroga 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Yo‘q qilish jarayonida ushbu holatga tegishli 162 ming 153 dona salyutlar va petardalar ham ko‘mib yuborilgan.

Tahlillarga ko‘ra, bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar hamda bojxona nazorati jarayonida jami 77 ta holatda qiymati salkam 1 milliard so‘mlik, miqdori 7 million 390 ming donadan ortiq pirotexnika buyumlari ushlab qolingan. Mazkur holatlar bo‘yicha 5 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 53 ta holatda ma’muriy ishlar yuritilgan. 2024-yilda ushlab qolingan pirotexnika vositalari miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 barobarga oshgan.