O‘zbekiston ichki ishlar organlari xodimlari jinoyatchilik muammosini hal qilishda g‘ayrioddiy yondashuv bilan jamoatchilikni yana bir bor hayratda qoldirdi. Jamoatchilik bu “sa’y-harakatlar”ga yana ijobiy baho bermadi va noroziligini bildirdi.
“Tilxat bilan olib keting”
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Chilonzor tumani IIB xodimi tomonidan “butun mahalladan” yig‘ilgan o‘nlab bolalar aravachalari, shuningdek, velosipedlar, samokatlar va hatto o‘yinchoq mashinalar ko‘rsatilgan video tarqaldi.
Ularga bu vositalar olib kelingan uy va podezd manzili va raqami ko‘rsatilgan qog‘ozlar yopishtirilgan.
“Ularni podezdlarga qo‘ymanglar… Hamma o‘ziga tegishli buyumlarni uyiga olib kirib qo‘ysin”, — deydi videodagi erkak. Aks holda ularni “ichki ishlar 3-bo‘limidan tilxat bilan” olib ketishga to‘g‘ri kelishini qayd etgan.
“Gezeta.uz”ga boshqa tumanlarda ham shunga o‘xshash holatlar haqida ma’lum bo‘ldi. Jurnalistlarimizdan biriga Yunusobod tumanining 6-dahasidan video jo‘natildi. Videoda ayol kishining aytishicha, agar kimdir o‘z aravachasining yo‘qolganiga guvoh bo‘lsa, ular mahalladagi uchastka nazoratchisining xonasida bo‘ladi.
“Ularni podezdda boshqa qoldirmaslik haqida tilxat bilan olib ketasiz”, — deydi ayol.
Shayxontohur tumani “Jangoh” mahallasida yashovchi fuqaroning aytishicha, uning “kolyaskasi”ni ham uchastkaga olib ketishgan. Uni olish uchun tilxat yozishga to‘g‘ri kelgan. Nima uchun bunday qilingani haqidagi savolga unga yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida shunday qilingan deb javob berishgan.
“O‘g‘rilik uchun sharoit yaratmang”
Yana bir fuqaro tanishi o‘g‘lining velosipedini odatda “kolyaska”lar va velosipedlar turadigan podezddagi maydonchadan o‘g‘irlab ketishganini aytdi. Uchastka xodimi o‘g‘rini topa olmagan va bolaga velosipedni o‘z hisobidan olib berishni taklif qilgan. Uning tan olishicha, agar yo‘qolganlik haqidagi ariza “yopilmasa”, bu uning ishiga zarar bo‘ladi.
Fuqaro mol-mulk yo‘qolgani haqidagi arizalar sonining ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ichki ishlar xodimlari aravacha va velosipedlarni o‘zlari olib ketishgani mumkinligini taxmin qildi.
Samarqand. Foto: Shuhrat Shokirjonov.
“Gazeta.uz” muxbiri Chilonzorning 10-mavzesidagi uyga tashrif buyurib, u yerdan aholining mulki uchastkaga olib ketilganini aniqladi. Ko‘chada suhbatlashgan PPX xodimi tumanda o‘g‘irlik holatlari ko‘payganini ma’lum qildi. Xodimning aytishicha, aholi aravachalar va boshqa narsalarni yo‘laklarda qoldirib, “o‘g‘irlik uchun sharoit yaratmoqda”. U mol-mulk uni so‘rab murojaat qilganlarga qaytariladi, deya qo‘shimcha qildi.
3-ichki ishlar bo‘limi vaziyat yuzasidan izoh berishdan bosh tortib, poytaxt IIBBga murojaat qilishni maslahat berdi.
Videoda manzili ko‘rsatilgan uyda mulki uchastkaga olib ketilgan fuqarolarni topish imkoni bo‘lmadi. Biroq, ulardan biri yaqinda bu yerda samokat o‘g‘irlanganini aytdi.
IIBB matbuot xizmatining “Gazeta.uz” so‘roviga javoban tasdiqlashicha, IIB xodimlari “yopiq binoda yoki kameralar ostida, qulflanadigan yo‘laklarda turgan narsalar emas, balki aynan qarovsiz qoldirilgan buyumlar”ni olib ketishgan. Idora ta’kidlashicha, mulk egalariga hech qanday jarimalarsiz qaytariladi.
“Bu mol-mulkni o‘g‘irlashning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Afsuski, o‘g‘irlik holatlari mavjud”, — deyiladi xabarda.
Shaharning turli tumanlarida mol-mulk “yo‘qolib qolayotgani” sababli kim bunday ko‘rsatma bergan bo‘lishi mumkin, degan savolga IIBB: “Hech qanday ko‘rsatma bo‘lmagan. Ayrim joylardagi rahbarlar, masalan, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘z hududlarida bunday mol-mulk o‘g‘irlanmasligi uchun o‘z tashabbusini ko‘rsatgan”, deya javob berdi.
Bunaqangi voqeani o‘ylab topish ham qiyin
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining Telegram kanalida quyidagi savollarni berdi: “Kimda-kim o‘ziga tegishli mulk haqida O‘zbekiston huquq-tartibot organlariga yuqoridagi kabi mazmunda ariza/tilxat yozib bersa va mulkini o‘g‘irlatib yo yo‘qotib qo‘ysa, O‘zbekiston huquq-tartibot organlari o‘sha mulkni qidirmaslikka haqli bo‘ladimi? G‘alati emasmi? Fuqarolar va ularning mol-mulki xavfsizligini ta’minlay olmay, ularga „narsamni yo‘qotsam, o‘zim sababchi bo‘laman“ deb ariza yozdiradigan huquq-tartibot organlarining nima keragi bor?”
Jurnalist oilasi uchinchi qavatda yashaydigan va qo‘shnilari kabi podezdda “kolyaska”sini qoldirgan toshkentlik fuqaroning hikoyasini e’lon qildi. Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, sentabr oyida, u xizmat safarida bo‘lganida, “kolyaska” yo‘qolgan. Lekin qo‘shni podezddagi “kolyaska”lar joyida qolgan. Oila aravachani o‘g‘irlashgan deb o‘ylagan.
Uch-to‘rt haftadan so‘ng qo‘shnisi ularga aravachani uchastka noziri olib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Nozir savolga javoban olib ketilgan o‘sha aravacha ham bor bo‘lgan suratlarni yuborgan. U “aravacha bazada” ekanini ma’lum qilgan va manzilni bergan. Fuqaro ko‘rsatilgan manzilga borgan, qabulxonada aravachani qaytarib berishni aytishgan.
Kechqurun unga bir kishi begona raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, aravachani egasi chiqmagani uchun ehson qilib yuborilganini aytgan. Keyinroq aravachani olgan ayol qo‘ng‘iroq qilgan. U aravachani yaqinda farzandli bo‘lgan qiziga berganini aytgan. “Xullas, buyog‘i mana shunaqa kasha!” — deya yozadi fuqaro.
Keyinroq u aravachani olib ketish haqidagi buyruqni qandaydir boshliq berganini aniqlagan. Uni topishga urinib, bir hafta sarflagan, ammo u bilan uchrasha olmagan. “Oxiri kechdim, lekin rozi emasman, dedim. U kolyaska sovg‘a edi, farzandli bo‘lganimda bobosi olib bergandi”, — deydi u. Uning taxminicha, aravachalar va egalari kelmaydigan boshqa narsalar xuddi shunday tarzda ehson qilib yuboriladi.
“Ochig‘i, voqealarning bunaqangi rivojini o‘ylab topish ham qiyin” — deya ta’kidladi jurnalist.
Tahririyatdan
Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida so‘nggi yillarda turar joylarning podezdlarida “kolyaska” va velosipedlarni qarovsiz qoldirmaslikka chaqiruvchi shunday e’lonlar (qog‘oz shaklida va trafaret orqali bo‘yoq bilan yozilgan) osib qo‘yilgan.
Toshkentdagi podezdlardan birida olingan surat.
Ichki ishlar vazirligi “o‘g‘rilik uchun sharoit yaratmaslik” degan shunga o‘xshash shiorni ko‘pdan beri kalitni o‘t oldirish blokida unutishi yoki qimmatbaho narsalarni mashinada saqlashi mumkin bo‘lgan avtomobil egalari orasida targ‘ib qilib keladi.
Shu vaqt avvalgi yillardagi IIB binolari, mahalla va uylarda, shuningdek, IIV mashinalarida uchraydigan “O‘z uyingni o‘zing asra” shiori esga tushdi.
IIV avtobusidagi “O‘z uyingni o‘zing asra” yozuvi. 2015-yil, Toshkent.
Ichki ishlar organlari vakillari yangi bosqichga — “jinoyatni oldini olish”ga o‘tganiga qaraganda, fuqarolarga qaratilgan chaqiriq va ta’nalar ishlamayapti. Ammo huquqni muhofaza qilish organlarining odamlar noroziligi va turli savollariga sabab bo‘luvchi bunday xatti-harakatlar qanchalik to‘g‘ri va qonuniy?
Bir narsa aniq: odamlarning hayoti va mol-mulki xavfsizlikda ekanigiga ishontirish, bu g‘oyani targ‘ib qilish va buning uchun sharoit yaratish ancha murakkab vazifa hisoblanadi.