Sanjar Sadiqovich Sattarov Toshkent shahridagi yerusti jamoat transporti “Toshshahartranshizmat” (TSHTH) AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

U 1979-yil 15-noyabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2001-yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutining bakalavr bosqichini, 2005-yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutida magistratura bosqichini avtotransport vositalaridan foydalanish, avtotransportda xalqaro yuk tashish yo‘nalishini tamomlagan.

Tayinlovga qadar Sanjar Sattarov O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining turli lavozimlarida, Transport vazirligi tasarrufidagi “Uzautotrans Service” MCHJ bosh direktori, Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil va suv transportida nazorat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yildan 2024-yil fevraligacha “Toshshahartransxizmat” boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelgan Anvar Jo‘rayev fevral oyida Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasiga binoan qo‘lga olingan edi. Shundan so‘ng ish DXX tomonidan olib borilayotgani, Jo‘rayev kompaniya bosh muhandisi va 1 va 8-avtobus saroylari rahbarlari bilan til biriktirib, ehtiyot qismlar va yoqilg‘i o‘g‘irlashda gumon qilinayotgani ma’lum qilindi. Unga nisbatan sud jarayoni 23-sentabrda boshlandi.

Transport vazirligi tizimida yana bir yangi tayinlov amalga oshirildi.

Ikramov Mirakbar Mirsaitovich Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

U 1981-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent aviatsiya institutining marketing yo‘nalishini tamomlagan. Tayinlovga qadar Ikramov Mirakbar Mirsaitovich Transport vazirligi Avtomobil va jamoat transporti departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt transport boshqarmasiga yaqinda yangi rahbar tayinlandi. Iyun oyidan buyon ushbu lavozimni Fazliddin Baxromov egallab kelayotgandi.