Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha tanlov komissiyasining qaroriga muvofiq g‘olib deb topilgan talabgorlar ro‘yxatini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ro‘yxatda ko‘rsatilmagan manzil bo‘yicha mazkur tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.

Ro‘yxat:

  1. Ihlos travel 1 MCHJ (Andijon viloyati, Andijon shahar, O‘zbegim MFY, Bobur shox ko‘chasi 40v-uy);
  2. Yuksak travel Air XK (Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahar, B.Marg‘iloniy ko‘chasi 3b-uy);
  3. Muhtasham travel MCHJ (Namangan viloyati, Namangan sh, Shodlik MFY, A.Navoiy ko‘chasi 2/1-uy, 3s-xonadon);
  4. Musaffo turizm xizmati MCHJ (Namangan viloyati, Namangan shahar, Bobur mavzesi 10,4-uy);
  5. Risola travel lux MCHJ (Namangan viloyati, Namangan shahar, Uychi ko‘chasi 1-uy);
  6. Xorazm umra jamiyati MCHJ (Xorazm viloyati, Urganch shahar, P.Mahmud ko‘chasi 350-uy);
  7. Hikmat Umra Travel MCHJ (Toshkent shahar, Mirobod tumani, A.Temur shox ko‘chasi 43-uy, 41-xonadon);
  8. Real Dreams MCHJ (Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 14-berk ko‘chasi, 75-uy);
  9. Travel with family MCHJ (Toshkent shahar, Olmazor tumani, Kichik halqa yo‘li 21-uy);
  10. Sofa Marva tour MCHJ (Toshkent shahar, Olmazor tumani, Ziyo MFY, Kichik halqa yo‘li 19-uy);
  11. B2 Management MCHJ (Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, O‘rikzor ko‘chasi 124-uy);
  12. Safar time exclusive MCHJ (Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 2-Charx Kamolon MFY, Bunyodkor ko‘chasi 2-uy).

Qo‘mita, shuningdek, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarini litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlanganini eslatib o‘tdi. Bu boradagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) etib belgilangan.

2024-yil boshida Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan Panorama Airways xususiy aviakompaniyasi bilan hamkorlik qilgan va minglab O‘zbekiston fuqarolarini Saudiya Arabistonida qolib ketishiga sababchi bo‘lgan 39 ta turfirma faoliyatini to‘xtatib turishni so‘ragandi. Turfirmalarning mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Keyinchalik hukumat qarori bilan, “umrachi” turfirmalar 5-oktabrdan boshlab 1 mln dollarni maxsus jamg‘armaga zaxira qilishi, xizmatlarni uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmasligi, Saudiyadagi hamkor shirkatga faqat bank orqali to‘lov qilishi hamda 2 yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega aviakompaniyalardan foydalanishi kerak bo‘ldi (to‘liq shartlar bu yerda).

Qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Umra litsenziyasining yangi shartlari haqida izoh berarkan, “bu katta miqdor emasligini, bunga qadar 100 ming dollar qo‘yish majburiyati bo‘lganini, o‘shanda 15 mingga yaqin fuqaro Saudiya Arabistonida qolib ketgani va ularning hammasi hukumat tomonidan olib kelinganini” eslatib o‘tdi

“Biz monopoliya qilayotganimiz yo‘q, bu yerda [shartlarni bajarishga] salohiyati bor 10 ta bo‘ladimi yoki 15 tami, turfirmalarning hammasi o‘tadi. Bu degani bitta Musulmonlar idorasi yoki 4−5 ta firma qoladi degani emas. Bugun tanlovni e’lon qilyapmiz, 15 kun ichida turfirmalarni ajratib olamiz. Balki 15 ta bo‘lar, balki 20 ta kimning imkoniyati bo‘lsa, o‘shalarni qo‘yamiz. Qimmatlashish bo‘lmaydi, sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘ladi”, — dedi u.

O‘zbekistonda Umra ziyoratini tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha sayyohlik kompaniyalari reytingi e’lon qilingandi, o‘shanda ularning soni 134 tani tashkil qilgandi. Hozirda litsenziya olgan turfirmalar soni 12 tani tashkil etishi hisobga olinsa, bozorda turfirmalar soni 90 foizdan ko‘proqqa qisqargani ma’lum bo‘ladi.