O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konida texnogen falokat yuz bergandan beri hududga ikki marta tashrif buyurgani ma’lum bo‘ldi.

Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning “Gazeta.uz”ga tasdiqlashicha, hukumat rahbari prezident topshirig‘i bilan 29-sentabr va 11-noyabrda Kofrun shaharchasiga borgan.

Qayd etilishicha, bosh vazir ikki tashrifda ham aholi bilan uchrashib gaplashgan. Agar aholi ko‘chishga rozi bo‘lsa, ko‘chirish choralari ko‘riladi. Hech qanaqa masala yo‘q, deydi hukumat rahbari rasmiy vakili.

Ijtimoiy tarmoqlarda Abdulla Aripovning Boysunga tashrifi aks etgan surat va video tarqaldi. Ularda amaldorning bir guruh mutaxassislar bilan falokat yuz bergan hududda turib suhbatlashayotgani va Kofrun aholisi bilan maslahatlashayotgani aks etgan.

“Oldini olishimiz bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lishi mumkin emas. Hamma choralarni ko‘ramiz. Mutaxassislarni Amerikadan ham, Yevropadan ham olib keldik. Ayni paytda Rossiyadan shu sohaning bilimdonlarini olib kelganmiz.

Prezidentimiz OAVni doimiy kuzatib boradilarda, aholi bilan gaplash, rostan shunaqa fikr bormi-yo‘qmi, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi, dedilar", — deb ta’kidladi bosh vazir.

“Shukrona qilishimiz, duoda bo‘lishimiz kerak. Ota-bobolarimiz chorva boqib, yashab o‘tgan joylardan gaz chiqib, obod bo‘lyapti”, — deya ta’kidlagan oqsoqollar. Shuningdek, suhbat oxirida duo o‘qilib, tinchlik-farovonlik tilangan.

“Hamma shart-sharoitlarni yaratib berish bu davlatning zimmasida. Bundan muammo bo‘lmaydi. Yana qaytarib aytaman, oldingizga 2−3 marta kelaman. Bir maslahatlashib, shu masalaning [evakuatsiya — tahr.] javobini aytasizlar”, — deya bosh vazirning gaplari bilan yakunlanadi video.

Bosh vazir matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, yaqinda tasdiqlangan Hukumat dasturi doirasida Surxondaryoning tog‘li hududlarida ekoturizmni rivojlantirish masalalari ham o‘rin olgan. Bu bo‘yicha prezident ham hukumat oldiga qator vazifalarni qo‘ygan.

“Bosh vazir ish rejasiga boshqa viloyatlar qatori Surxondaryoga ham borish kiritilgan. Ushbu topshiriq ijrosini taminlash maqsadida hududga borganlarida, albatta, Kofrun aholisi bilan ham uchrashib gaplashadilar. Aholi o‘ylab, qolganlar bilan ham maslahat qilib, bir qarorga kelgan bo‘lishsa, javobni aytishadi”, — deb ta’kidladi Bekzod Hidoyatov.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz koni quduqlaridan birida 1-sentabr kuni burg‘ilash ishlari vaqtida texnogen falokat yuz bergan edi, sentabr o‘rtalarida “Gazeta.uz” jamoasi u yerdan reportaj tayyorlagan edi.

Tahririyat a’zolari 1−2-noyabr kunlari Boysunda bo‘lib, texnogen ofatdan eng ko‘p aziyat chekkan Kofrun shaharchasi aholisi, Boysundagi texnikum yotoqxonasiga evakuatsiya qilingan oilalar, gazdan zaharlanib, davolanishda bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, quduqdagi ikkinchi avariya oqibatida halok bo‘lgan yigitlardan birining qarindoshi bilan suhbatlashgandi.