Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘” yaratish loyihasi doirasida Bektemir tumanida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekilayotgan bog‘ Toshkent halqa yo‘li bo‘ylab barpo etilmoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, “yashil belbog” uchun 100 gektar yer ajratilgan. Ikki yilda jami 100 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. Ularni parvarishlash uchun 3 ta sun’iy suv xavzasi va 12 ta quduq barpo etildi. Yana bir e’tiborli tomoni, bu yerda tabiiy o‘rmon shakli hosil qilinadi, deyiladi xabarda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Uch yil avval yo‘lga qo‘yilgan “Yashil makon” loyihasida shaharlar yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, xususan, ularning atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadini ko‘zlamoqda.
Tadbirda hukumat a’zolari, jamoatchilik vakillari, shuningdek, xorijiy diplomatlar ishtirok etdi. Prezident ularga ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Tadbirni videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar jamoatchiligi ham kuzatdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Bu an’ana o‘zi bizda bor. Xalqimiz tabiatni „ona“ deydi, yerni, suvni e’zozlaydi. Buning zamiridagi haqiqat hozirgi ekologik muammolar ta’sirida yaqqol namoyon bo‘layapti. Shuning uchun „Yashil makon“ loyihasini boshladik. Kelgusi yil nomini ham atrof-muhitni asrash masalasiga bag‘ishladik. Endi bu tashabbuslar keng yoyilishi, ayniqsa, yoshlarimizga chuqur singishi zarur. Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo‘shishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu kuzgi mavsumda “Yashil makon” loyihasi doirasida 80 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bahorda 138 million dona ko‘chat ekilgan. Vazirlik va hokimliklar 257 ta bog‘ barpo qilgan. Yirik sanoat korxonalari va chiqindi poligonlari atrofiga ham daraxtlar ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil qilinmoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Avtomobil va temir yo‘llari, daryo va kanallarga tutash yerlar daraxt ekish uchun qariyb 10 ming aholi va tadbirkorga ijara shartnomasi asosida ajratib berildi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida g‘olib deb topilgan 215 ta loyiha bo‘yicha bosqichma-bosqich ekish ishlari boshlandi.
Umuman, oxirgi 3 yilda mamlakat bo‘yicha jami 646 million tup ko‘chat va butalar ekilgan. Orolbo‘yida yashil qoplama 2 million gektardan oshgan, deyiladi xabarda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Avvalgi yillarda Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yangi Toshkent, Sergeli va Chilonzor tumanlarida ko‘chatlar ekkan edi.