Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni “Ta’lim sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida qabul qilingan.

Qaror bilan 2030-yil 1-yanvarga qadar nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari:

  • barcha turdagi soliq (bundan ijtimoiy soliq mustasno) va yig‘imlardan ozod qilinadi;
  • unda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik o‘qituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lamaydi.
  • Shuningdek, 2030-yil 1-yanvarga nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining quyidagi O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovar jihozlariga bojxona to‘lovlari to‘lanmaydi (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno):
  • zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari;
  • kompyuter texnikasi va dasturiy mahsulotlar;
  • o‘quv va ilmiy-metodik adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnik resurslar.

2025-yil 1-yanvardan boshlab:

  • nodavlat ta’lim tashkilotlariga doimiy jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga “A-2” o‘qituvchilar kirish vizalarini berish yo‘lga qo‘yiladi;
  • davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga mehnat qilish huquqini beruvchi tasdiqnoma berish yig‘im miqdori BHMning 30 baravaridan 1 baravarigacha kamaytiriladi;
  • nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirishni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, pedagogik mahorat markazlari hamda belgilangan tartibda shakllantiriladigan reyestrga kiritilgan nodavlat malaka oshirish tashkilotlarida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, bir qator vazirliklarda ushbu hujjat ijrosini ta’minlash uchun qator topshiriqlar berilgan. Jumladan:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarga mazkur qarorda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini taqdim etish bo‘yicha qonun loyihasini;
  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berishda undiriladigan yig‘im miqdorini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov hamda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova belgilangan.