Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Sanoat zonasi prezidentning 20-martdagi qarori bilan tashkil etilgan. U 764 gektar maydonda joylashgan.
Ayni paytda infratuzilma tarmoqlari barpo etilmoqda. Bu yerda oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda 1 milliard 375 million dollarlik 47 ta loyiha joylashtiriladi. Ularda 12 mingtaga yaqin yangi ish o‘rini yaratiladi.
Prezident ta’kidlaganidek, korxonalarda xalqaro brendlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, DP World, JAC Motors, Krantas, Acyes Japan, East can solutions, EAS va Evyap kabi nufuzli kompaniyalar hamkorligida qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Davlat rahbariga shunday loyihalardan ayrimlari taqdimot qilindi.
Xususan, Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan sanoat zonasini boshqarish, investorlarni jalb qilish va infratuzilma obyektlarini barpo qilish ko‘zda tutilgan. JAC Motors kompaniyasi tijorat avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. 135 mln dollarlik bu loyiha natijasida 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Yaponiyaning Acyes Japan kompaniyasi bilan hamkorlikda 9 mln dollarlik ofis uchun o‘rindiq va mebellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, yana 100 kishining bandligi ta’minlanadi.
Birlashgan Arab Amirligining DP World kompaniyasi bilan esa transport-logistika markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Hududda laboratoriya, tadqiqotlar markazi, konferensiya zallari hamda savdo zonasi tashkil etiladi. Shuningdek, dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, sanoat korxonalari uchun kerakli mutaxassislar shu yerning o‘zida tayyorlanadi.
“Oxirgi yillarda yalpi ichki mahsulotimiz ikki barobar o‘sib, bu yil 110 mlrd dollarga yetyapti. Endi buni 200 mlrd dollarga yetkazishga marra oldik. Investorlarning loyihalari uchun barcha sharoitlarni yaratib bermasak, bu ko‘rsatkichga yetolmaymiz. Toshkent shahri bunda ham namuna bo‘lishi kerak,” — dedi prezident.
Davlat rahbari mutasaddilarga loyihalarda mahalliylashtirish va raqamlashtirish, energiya tejamkorlikka ahamiyat qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident fevral oyida Yangihayot tumanida 664,5 gektar maydonda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etish loyihasini tasdiqlagandi. Uning boshqalardan farqi shundaki, egallab turgan maydonidan kelib chiqib, ishtirokchilar uchun mahsulot ishlab chiqarishda alohida shartlar belgilanadi.
CAMCYe (China CAMC Engineering Co Ltd) — sanoat va infratuzilma sohasida muhandislik xizmatlarini ko‘rsatuvchi va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi Xitoy korporatsiyasi.
CAMCYe 2025-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Olimpiya shaharchasi qurilishida ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, kompaniya Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi loyihalarga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Ular orasida Kitobda sayyohlik zonasi tashkil etish, osma dor yo‘li qurish va boshqalar bor.
Sentabr oyida Xitoyning Sinomach konglomerati, uning tarkibiga kiruvchi CAMCYe kompaniyasi orqali, Andijon (Kampirobod) suv omboridan Farg‘onagacha suv quvuri qurilishida ishtirok etishi mumkinligi haqida ma’lum qilingandi.