Bokuda o‘tgan BMTning COP29 iqlim konferensiyasida iqlimni moliyalashtirishning yangi jamoaviy miqdoriy maqsadi (NCQG) bo‘yicha yakuniy versiya tasdiqlandi. Hujjat matni tashkilot saytida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, 2035-yilgacha yiliga kamida 300 milliard dollar ajratishni nazarda tutilmoqda, bu avval belgilangan 100 milliard dollarlik maqsaddan uch baravar ko‘pdir.

Reuters`ning yozishicha, rivojlanayotgan mamlakatlar vakillari bu tashabbusni keskin tanqid qilib, uni muammo ko‘lami uchun yetarli emas, deb atadi.

“Afsus bilan aytishga majburmanki, bu hujjat optik illyuziyadan boshqa narsa emas”, — dedi Hindiston delegatsiyasi vakili Chandi Rayna sammit yopilishida. “Bizning fikrimizcha, bu barchamiz duch kelayotgan ulkan muammoni hal qilmaydi”.

Bundan tashqari, ishtirokchi davlatlar yangi iqlim bo‘yicha moliyaviy yo‘nalish — Baku Finance Goal`ni yaratishga kelishib oldi. Ushbu mexanizm 2035-yilgacha rivojlanayotgan mamlakatlarda iqlim loyihalarini rivojlantirish uchun har yili 1,3 trillion dollar jalb qilishni nazarda tutadi.

“Moliyalashtirish birinchi darajali masala edi. Qarzga botgan, tabiiy ofatlardan aziyat chekkan va qayta tiklanadigan energiya inqilobidan ortda qolgan rivojlanayotgan mamlakatlar mablag‘ga juda muhtoj”, — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish COP29 yakunlariga izoh berar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konferensiyadagi ushbu kelishuv global isish chegarasini 1,5 darajada saqlash uchun zarur.

“Men biz duch kelayotgan jiddiy muammoni hal qilish uchun ham moliyalashtirish, ham oqibatlarni yumshatish bo‘yicha yanada ulkan natijaga umid qilgan edim. Ammo bu kelishuv kelgusidagi taraqqiyot uchun zamin yaratadi”, — deya qo‘shimcha qildi BMT bosh kotibi.

Iqlim masalalari bo‘yicha Yevrokomissar Vopke Xukstra jurnalistlarga dunyo hozir o‘ta murakkab geosiyosiy davrni boshdan kechirayotganini va bunday paytda iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish ulkan yutuq ekanini aytdi. “Biz hammamiz ko‘proq moliyalashtirishni ta’minlash uchun astoydil harakat qildik. 300 milliard dollarlik maqsad yanada realroq. Kelgusida moliyalashtirishni ko‘paytirish majburiyatini ham oldik. Biz iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p aziyat chekayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p ishladik va ularning moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyati ta’minlanadi”, — dedi Xukstra.

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi ijrochi kotibi Saymon Stilning fikricha, COP29 ishtirokchilari o‘z vazifalarini bajara oldi. “Ushbu yangi moliyaviy maqsad iqlimning har bir mamlakatda yomonlashuvi sharoitida insoniyat uchun sug‘urta polisi hisoblanadi. Har qanday sug‘urta polisi kabi u ham badallarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lagan taqdirdagina ishlaydi”, — dedi u.

Stilning so‘zlariga ko‘ra, Bokuda qabul qilingan qaror ekologik toza energetika sohasida o‘sishga yordam beradi. “Bu iqlim inqirozining oldingi saflarida bo‘lganlarni, ayniqsa, eng zaif guruhlarni himoya qilishning haqiqiy choralarini moliyalashtirishga yordam beradi. COP29 ham salkam o‘n yillik qizg‘in ishlardan so‘ng uglerod bozorlari bo‘yicha global kelishuvga erishdi, avvalgi bir nechta COP konferensiyalari bunga erisha olmagandi”, — deya qo‘shimcha qildi u.