Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan general-mayor Shuxrat Gayratdjanovich Xalmuxamedov mudofaa vaziri etib tayinlandi, deya xabar qilmoqda yakshanba kuni davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
U 2021-yilning mart oyidan buyon mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi. Bungacha Xalmuxamedov mudofaa vaziri o‘rinbosari, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari va Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Prezidentning boshqa farmoni bilan, avval xabar qilinganidek, Bahodir Nizomovich Qurbonov mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilib, Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan ozod etilgan Abdusalom Abdumavlanovich Azizov “Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.
Telegram`dagi Manba kanali Sherzod Asadovning tushuntirishini e’lon qildi. Unda keltirilishicha, “Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazish” “kotibiyatning kadrlar zaxirasiga o‘tkazish” degan ma’noni anglatadi. “Bu tuzilma kengash faoliyatini ta’minlaydi. Biroq bu holat Azizovning biror lavozimga tayinlangani yoki doimiy ishga rasmiylashtirilganini anglatmaydi”, — dedi u.