139 Documentary Center (139 DC)da bo‘lib o‘tayotgan NeUyat ko‘rgazmasi 14-dekabrga qadar uzaytirildi. U zo‘ravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasi va fotograf Timur Karpov tomonidan asos solingan galereya tomonidan uch yildan beri o‘tkazib kelinayotgan shu nomdagi festivalning asosiy tadbiri hisoblanadi. Loyihadan maqsad — san’at, ma’rifat va ochiq suhbatlar orqali jamiyatda jinsiy zo‘ravonlik masalasida sukut saqlash va uyat madaniyatiga barham berishga urinish.
Bu yilgi festival 139 DC uchun Taras Shevchenko ko‘chasidagi yangi makonda tashkil etilgan birinchi tadbir bo‘ldi — may oyida sobiq “Agromash” zavodi hududidagi buzilishlar tufayli galereya 2019-yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Sultonali Mashhadiy ko‘chasidagi 210-uyni tark etishga majbur bo‘lib, vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi.
Qayta ochilgan markaz tomonidan noyabr oyi boshidan buyon NeUyat doirasida “Suyunchi” filmi va SOUP video-rassomlar jamoasining kino asarlari namoyishi, bolalar rivojlanishi bo‘yicha mutaxassis Zinaida Umarbekova tomonidan qizlarning balog‘atga yetish davri haqida ma’ruza, ko‘rgazmada ishtirok etayotgan rassom ayollar bilan mediatsiya tadbirlari o‘tkazildi.
Ko‘rgazma sanalarining uzaytirilishi munosabati bilan festival dasturiga yangi tadbirlar ham qo‘shildi:
- 23-noyabr, soat 18:00 — “Temir xotin” (“O‘zbekfilm”) filmining namoyishi. O‘zbek tilidagi namoyishdan so‘ng ssenariynavis Aliya Temuriyzoda bilan muhokama tashkil etiladi.
- 29-noyabr, soat 19:00 — Tillaniso Nuryog‘dining “Feminizm va o‘zbek shoiralari” ma’ruzasi. Ma’ruza o‘zbek tilida.
- 7-dekabr, soat 18:30 — Tillaniso Nuryog‘dining “O‘zbek romanida ayollar ijodi” ma’ruzasi. Ma’ruza o‘zbek tilida.
- 10-dekabr, soat 19:00 — “O‘zbekistonda 2023-yilda oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha jinoiy ishlar: tizimli muammolar va tavsiyalar” mavzusidagi tadqiqot taqdimoti. Tadqiqot muallifi — Nigina Xudoybergenova.
Barcha tadbirlarga, shu jumladan, ko‘rgazmaga ham kirish bepul.
Bu galgi NeUyat ko‘rgazmasi avvalgilaridan, birinchi navbatda, ham mavzu jihatdan, ham geografik jihatdan yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadi.
“O‘tgan ikki yil davomida biz asosiy urg‘uni jinsiy zo‘ravonlik mavzusiga qaratgan bo‘lsak, bu yil e’tiborimiz doirasini kengaytirdik va umumiy holda ayollar va qizlarga nisbatan gender zo‘ravonlikka urg‘u berdik. Shuningdek, ilgari ishtirokchilarimiz Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelib qatnashgan bo‘lsa, bu safar asosiy diqqat-e'tiborimizni o‘zbekistonlik rassomlarga qaratdik”, — deydi Nemolchi.uz loyihasi koordinatori Nigina Xudoybergenova.
Yana bir farqi — tashqi qiyofadagi vazminlik. Ekspozitsiyadagi asarlarning aksariyati qo‘rquv uyg‘otmaydi, tahdiddan darak bermaydi. Adrasdan ishlangan yumshoq qo‘g‘irchoqlar, Toshkent xaritasi, an’anaviy naqshlar bilan bezatilgan rang-barang suratlar, o‘smirning bir talay yoqimli shaxsiy buyumlari jamlangan shaxsiy xonasi aks ettirilgan installyatsiyalar bir qarashda risoladagidek, oddiydek tuyuladi. Xuddi jamiyatdagi u haqida gapirmaslikni, uni payqamaslikni afzal ko‘riladigan zo‘ravonlik kabi.
Tajovuzkorlar sukut va uyat madaniyati niqobi ortiga berkinib, uni o‘z xatti-harakatlarining ma’qullanishi sifatida qabul qiladi. Ba’zan “hamma ham shunday yashaydi” degan taskin va o‘zining haqligiga ishonch davlat va insoniy qonunlardan ustun keladi. Vaholanki, ana shu ishonch kuchga sig‘inish va muqarrar bo‘lmagan jazolash mexanizmlarini yanada mustahkamlaydi. Ayollar itoatsizligi, “nomaqbul” tashqi ko‘rinishi va xulq-atvori, qo‘l ko‘taradigan eri bilan ajrashishga uringanligi va tushuntirib ham, qabul qilib ham bo‘lmaydigan boshqa sabablarga ko‘ra kaltaklanadi, o‘ldiriladi.
“NeUyat — bu hatto oddiy narsalar ham qo‘rquv manbaiga, erkinlikka intilish esa doimiy kurashga aylanganda, ayol uchun o‘zligini saqlab qolish qanchalik qiyin bo‘lishini ko‘rsatishga bir urinishdir. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan yosh rassomlarning asarlari ayol nazorat obyekti emas, balki kuchli shaxs ekanligini, uning kechinmalari hurmatga loyiq ekanligini eslatib turadi”, — deydi tashkilotchilar.
BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-yilda 179 nafar xotin-qizning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat sodir etilgan. Rassom Anna Ivanovaning installyatsiyasidan xuddi shuncha matodan ishlangan qo‘g‘irchoqlar joy olgan. Statistik ma’lumotlarni vizuallashtirish orqali u raqamga hajm va ahamiyat berib, fojia ko‘lamini ko‘rish imkonini hosil qilgan.
Xuddi shunday yondashuvni rassom Mastura Hamro ham qo‘llagan. Uning qizil ustunli shaffof varaqlardan iborat installyatsiyasi O‘zbekistonda 2015-yildan 2021-yilgacha yuz bergan femitsidlar statistikasini aks ettiradi.
“Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni san’at vositasida muhokama qilish — muhim vazifa. Ramz va metaforalardan foydalanib, biz hamdardlik tuyg‘usini uyg‘otishimiz va odamlarni bu haqda bosh qotirishga undashimiz mumkin. Eng asosiysi, qurbonlarga hurmat bajo keltirish va shov-shuvdan qochish. San’at iztiroblarni aks ettirishi, shu bilan birga, umid bag‘ishlashi va o‘zgarishlarga bo‘lgan zaruratga urg‘u berishi orqali muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi kerak”, — deydi Mastura Hamro.
Zilola Qahramonovaning “Xaritada yo‘q joylar” asari zo‘ravonlik va tajovuzga faqat nomaqbul odamlar nomaqbul joylarda duch keladi, degan afsonani parchalab tashlaydi. Rassom xavfsiz deya e’tirof etiladigan shaharda jinsiy zo‘ravonlik muammosini tasvirlashni maqsad qilgan. Unga galereyaga tashrif buyuruvchilar ham yordam beryapti: ular o‘zlari ta’qibga, bezorilik yoki zo‘ravonlikka duch kelgan joylarini Toshkent xaritasidan belgilab qo‘yyapti.
Installyatsiya shuni tasdiqlaydiki, yomonlik faqat tunda yoritilmagan ko‘chalarda, yerosti o‘tish joylarida, tashlandiq binolarda, kimsasiz joylarda emas, balki kuppa-kunduzi tiqilinch avtobusda yoki metro vagonida, maktabda, istirohat bog‘ida va uylarda — yopiq eshiklar ortida ham sodir bo‘ladi.
Katerina Slapoguzovaning “Bolalikning so‘nggi kuni” installyatsiyasi juda oddiy va ayni paytda ayanchli ko‘rinadi. Rassom o‘smir qizning xonasidagi manzarani gavdalantirgan. Musiqiy guruhlarning afishalari osig‘liq devor yonidan tartibga keltirilgan karavot joy olgan. Bosh tomoniga kiyimlar tashlab qo‘yilgan; o‘rin-ko‘rpa ustida o‘yinchoqlar, daftarlar, fotoalbom, telefon sochilib yotibdi. Ro‘parada, ustida televizor joylashgan tumbochka ichida salkam xazina saqlanadi: kitoblar, stol o‘yinlari, yelimli qog‘ozlar, taqinchoqlar solingan quticha.
Ehtimol, har bir qizning bolaligida bo‘lgan bu kabi oddiy detallar noma’lum xona egasini tashrif buyuruvchilar bilan hissiy bog‘laydi, hatto kimnidir u bilan yaqinlashtiradi. Shuning uchun xotira ruhidagi bu installyatsiya ayniqsa qattiq ta’sir qiladi — u baxtli xotiralar haqida emas, balki o‘g‘irlangan, poymol qilingan bolalik haqida hikoya qiladi.
“Bolalik endi unutilgan xonaga o‘xshaydi: unga xayolan qaytish mumkin, lekin endi u yerga kirib, o‘zingni himoyalangandek his qilish imkonsiz”, — deb yozadi Katerina Slapoguzova o‘z ishi haqida.
Darya Kantining loyihasi esa odamlar zo‘ravonlikni boshdan kechirgan har bir ayol — kimningdir onasi, singlisi yoki qizi ekanligini yodda tutishlari kerakligi haqida. Rassom hissiy tajribaga murojaat qiladi; ayollar ko‘pincha yolg‘izlikda boshdan kechiradigan og‘riq va ruhiy iztiroblarni vizual tarzda aks ettiradi. Bu uning jamiyatdagi zo‘ravonlik va uning oqibatlariga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishga urinishidir.
“„Singil. Qiz. Ona“ loyihasi zo‘ravonlikdan jabrlanganlar qoralanadigan emas, balki himoya va qo‘llov ostida bo‘ladigan jamiyat yaratish zarurligini eslatib, hamdardlik va birdamlikka da’vat bo‘lib xizmat qiladi. Ayollarning himoya va adolatga bo‘lgan huquqi haqida gapirish kerak, toki fojialar haqida sukut saqlanmasin, balki ular o‘zgarishlar yo‘lida turtki bo‘lsin”, — deya tushuntiradi Darya Kanti.
Hamdardlikka urg‘u berish NeUyat ko‘rgazmasining yana bir o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, uning ta’sirini aqlbovar qilmas darajada kuchaytiradi. Rassomlar tashrif buyuruvchilarni hissiy jalb qilib, ularni hammualliflarga aylantirib, zo‘ravonlikka befarq bo‘lmagan odamlarning yaqqol ko‘zga tashlanishiga imkon beradi. Bu zo‘ravonlik va uning atrofidagi sukunat doirasi bir kun kelib uzilishiga umid uyg‘otadi.
NeUyat ko‘rgazmasi 139 Documentary Center galereyasida 14-dekabrgacha ochiq. Unga seshanbadan yakshanbagacha soat 11:00 dan 19:00 gacha tashrif buyurish mumkin.