Juma kuni Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida ikki yil avval vafot etgan fotograf Yevgeniy Olevskiy xotirasiga bag‘ishlangan “Men dunyoni shunday ko‘rdim” nomli ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada Yevgeniy Olevskiyning dunyoga bo‘lgan qarashlarini ochib beruvchi 50 ta fotosurat taqdim etilgan. Ular orasida Toshkent tog‘ etaklari va O‘rta yer dengizi sohillari manzaralari, shuningdek, muallifning ko‘p yillik do‘sti haykaltarosh Yakov Shapiroga bag‘ishlangan turkumlar bor.
Yakov Shapiro.
Yevgeniy Olevskiy 2012-yilda “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida (rus tilida) Toshkent viloyatining Parkent tumaniga bo‘lgan muhabbati haqida gapirgan edi. “Men yarim yildan ortiq vaqtimni shu yerdagi dala hovlida o‘tkazaman. Bu muhabbat shu qadar kuchliki, do‘stlarim hatto menga Olevskiy familiyasini Parkenskiyga o‘zgartirishni taklif qilishadi”, — degandi u.
U, shuningdek, Isroilga safarlari, uni ilhomlantiradigan dengiz, Chorvoq suv ombori va portretlarga bo‘lgan alohida munosabati haqida ham gapirgandi.
Ko‘rgazma Xalqaro madaniyat karvonsaroyi, “Ilhom” biznes klubi va Olevskiylar oilasi tomonidan tashkil etilgan. U 1-dekabrga qadar davom etadi.
Yevgeniy Olevskiy — energetik, iqtisodchi va dasturchi. U Vladikavkazda tug‘ilgan, 1959-yildan boshlab O‘zbekistonda yashagan. Bolaligi Olmaliqda, maktab yillari Toshkentda o‘tgan. Olevskiy Toshkent politexnika institutining energetika fakultetida o‘qigan. Uning professional yo‘li mamlakatda birinchilardan bo‘lib AQSh va Yevropaga dasturiy ta’minotni eksport qilgan dasturiy ta’minotni ishlab chiqish kompaniyasini boshqarishni o‘z ichiga olgan.
Yevgeniy Olevskiy Coscom (Ucell) kompaniyasining birinchi aksionerlaridan biri bo‘lib, Toshkentning “Ilxom” biznes-klubini tashkil etishda ham ishtirok etgan. Uning faoliyati jahon adabiyoti asarlarini “Sharq yulduzi” jurnali va boshqa nashrlarda chop etish uchun tarjima qilishni ham o‘z ichiga olgan. Ammo ko‘pchilik uni fotograf sifatida eslab qolgan.