Toshkentda ko‘p qavatli uy-joy qurilishiga kiritilgan investitsiya daromadliligi tushib bormoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida so‘z boradi.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, aholi uchun turli investitsiya vositalarining, jumladan, aksiyalar, obligatsiyalar yoki pensiya fondlari kabi imkoniyatlarning cheklangani sharoitida rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa uy-joy narxlari oshib borayotgan bir paytda jamg‘armalarni uy-joyga investitsiyalarga yo‘naltirish tendensiyasi kuzatiladi.
Xususan, Toshkent shahrida 2024-yil fevralda poytaxtda ko‘p qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi o‘rtacha 32,4 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, oktabrda ushbu ko‘rsatkich 12,2 foizgacha tushgan.
Ushbu ko‘rsatkich uy-joy joylashgan hudud va xonalar sonidan kelib chiqib, bir biridan sezilarli darajada farqlanadi:
1 xonali kvartiralar:
- Mirzo Ulug‘bek tumani — 2,3 foiz (fevralda 25,7 foiz);
- Shayxontohur tumani — 17 foiz (50 foiz).
2 xonali kvartiralar:
- Sergeli tumani — 7,4 foiz (19,4 foiz);
- Shayxontohur tumani — 17,2 foiz (59 foiz).
3 xonali kvartiralar:
- Bektemir tumani — 3,2 foiz (33,7 foiz);
- Yunusobod tumani — 13,7 foiz (48,7 foiz).
4 xonali kvartiralar:
- Bektemir tumani — 2 foiz (37,9 foiz);
- Yunusobod tumani — 17 foiz (39,8 foiz).
Uy-joyning investitsion daromadliligi uy-joy narxlari yillik o‘zgarishidan olinadigan daromad hamda ularni ijaraga berishdan keladigan yillik daromad yig‘indisi asosida hisoblandi, deyiladi hisobotda.
Fevralda poytaxtda uy-joy va ijara narxlari nisbatan yuqori bo‘lgan hudud — Shayxontohur tumanida uy-joy narxlari ko‘tarilishi hisobiga ko‘rilishi mumkin bo‘lgan foyda o‘rtacha 35,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oktabr oyida ushbu ko‘rsatkich 5,5 foizgacha tushdi.
Oktabrda uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad Mirobod (23,2 foizdan 1,9 foizga) va Yakkasaroy (16,1 foizdan 3,5 foizga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygan.
Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida uy-joy narxlarining o‘sishdan deyarli to‘xtashi yoki biroz arzonlashishi natijasida oktabr oyida mazkur hududlarda uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromadlilik mos ravishda -2,6 foiz va -2,4 foizni tashkil etgan (fevral oyida 24,6 foiz va 15 foiz).
Ijara
Oktabrda uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik o‘rtacha daromad:
- Shayxontohur tumani — 10 foiz (fevralda 11,6 foiz);
- Mirobod tumani — 9,8 foiz (10,4 foiz);
- Yakkasaroy tumani — 9,5 foiz (10,5 foiz).
Ijara narxlari nisbatan arzonroq bo‘lgan hududlarda:
- Sergeli tumani — 9,3 foiz (8,4 foiz);
- Uchtepa tumani — 9,7 foiz (8,6 foiz);
- Chilonzor tumani — 9,3 foiz (9,3 foiz);
- Olmazor tumani — 9,1 foiz (9,4 foiz).
Ushbu raqamlar ijaradan keladigan o‘rtacha daromad o‘sishi sekinlashganidan dalolat beradi, deya qayd etadi MHTI. Taqqoslash uchun: yanvar-sentabr oylarida jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21 foizni tashkil etdi.
Daromadlilik darajasi bo‘yicha 1 va 2 xonali xonadonlarning investitsion jozibadorligi yuqori hisoblanadi.
Fevral oyida 1 va 2 xonali xonadonlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar daromadliligi mos ravishda 35,6 foiz va 30,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oktabr oyida ushbu ko‘rsatkichlar 16,7 foiz va 12,2 foizga tushgan.
Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik ko‘rsatkichi sezilarli darajada tushgan (mos ravishda 10,1 foiz (fevralda 33 foiz) va 9,9 foiz (30,3 foiz)).
Xulosa
MHTIga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlarda aholi jamg‘armalarining uy-joyga yo‘naltirilishi qisqa muddatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishi mumkin. Ammo uzoq muddatda kapital bozorini rivojlantirish va aholi uchun diversifikatsiyalangan investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish muhimdir.
“Shu yo‘l bilan aholi jamg‘armalari nafaqat saqlanishi, balki milliy iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiya qilib, yanada kengroq rivojlanish imkonini beradi”, — deyiladi hisobotda.
Tahlilda foydalanilgan ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb-skreyping orqali olingan bo‘lib, bunda ijara narxi uchun 740 mingga va sotuv narxi uchun 1500 mingga yaqin ma’lumotlardan foydalanilgan.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida uy-joy bozori savdolarida biroz o‘sish ko‘zatilib, so‘nggi ikki oydagi pasayish to‘xtagan. Ikkilamchi bozorda narxlar deyarli o‘zgarmagan, uy-joy ijara bozoridagi vaziyat ham barqarorlashgan. Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatilmoqda (1 kv metr uchun 6 dollar).
Markaziy bank avvalroq O‘zbekistonda 2024-yil ilk yarmida uy-joy narxi yuqoriligicha qolayotgani, uning bozor narxi fundamental (“obyektiv”) narxdan 28 foiz yuqoriligini qayd etgandi. Narxlar ish haqiga nisbatan 1,8 baravar tezroq o‘smoqda va bu kelajakda narxlarning pasayishi xavfidan dalolat beradi, deb hisoblaydi regulyator.