Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Askiya bozori hududi, bino va inshootlari sotuvga qo‘yildi. Bu haqda E-auksion platformasida ma’lum qilindi.
Obyektning umumiy maydoni 1,83 gektar bo‘lib, shundan 0,68 gektarda binolar joylashgan. Bino va inshootlarning umumiy maydoni 7439 kvadrat/metrni tashkil etadi.
Obyekt Shota Rustaveli va Shohjahon ko‘chalari oralig‘idagi Rakat mavzesida, Do‘stlik bog‘i (sobiq Bobur bog‘i) yaqinida joylashgan.
Auksionga bozor binolari va uning ostidagi yer uchastkasidan foydalanish huquqi qo‘yilmoqda. Real Excellent Valuation kompaniyasining 1-iyuldagi hisobotiga ko‘ra, bino va inshootlarning bozor qiymati 9 milliard so‘mga, yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi esa 180 milliard so‘mga baholangan.
Bozor aksiyadorlari lotni boshlang‘ich qiymati 214,85 milliard so‘m (taxminan 16,8 million AQSh dollari) bo‘lgan (QQS bilan) savdolarga chiqarishdi. Auksion 20-dekabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi.
Bo‘lajak xaridor bozor faoliyatini saqlab qolgan holda uni qayta qurishi va hududda zamonaviy savdo-maishiy majmua, jumladan, maydoni kamida 3000 kvadrat/metr bo‘lgan ekobozor, 1200 kvadrat/metrlik muzlatkichli ombor va birinchi qavatda kamida 400 ta avtomobilga mo‘ljallangan to‘xtash joyi barpo etishi shart bo‘ladi.
Qurilish tugagach, tadbirkor bozor aksiyadorlariga ularning qiymatidan qat’i nazar, umumiy maydoni 42 sotix bo‘lgan ekobozor, muzlatkichli ombor va avtoturargohni topshirishi kerak. Natijada qolgan 1,4 gektar maydonni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf eta oladi.
Bosh reja (loyiha konsepsiyasi) qurilish ishlari boshlangunga qadar Toshkent shahar hokimligi bilan albatta kelishilishi lozim. Bunda hududda joylashgan qishloq xo‘jaligi bozori loyiha doirasida faqat ishlar boshlanganidan so‘ng dalolatnoma asosida boshqa joyga ko‘chirilishi mumkin.
Majmuada qurilish ishlari qishloq xo‘jaligi bozori faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmasdan, uning to‘liq funksionalligini saqlagan holda amalga oshirilishi lozim. Shundan so‘ng qurilish yakunlangach, uni bosqichma-bosqich ekobozor hududiga ko‘chirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, investor bozor hududidagi xususiy mulk egalari bilan muzokaralar olib borishi va kompensatsiyalar berishi yoki ular bilan kelishilgan holda teng qiymatli maydonlar ajratishi shart bo‘ladi.
E’tiborlisi, Askiya bozori aksiyadorlari 30-sentabr kuni yig‘ilish o‘tkazib, bozor hududi va binolarini 214,85 milliard so‘mga auksionga chiqarishga qaror qilgan. Biroq bu haqda faqat 21-noyabr kuni muhim ma’lumot e’lon qilindi. Xususiy aksiyadorlardan aksiyalarni qaytarib sotib olish rejalashtirilgan (ularning ulushi taxminan 4 foizni tashkil qiladi).
16-noyabr kuni Yakkasaroy tumani hokimligi tomonidan bozorni qayta qurish loyihasi taqdim etilgandi. Tuman hokimi Nilufar Allabergenovaning aytishicha, bozor zamonaviy talablarga javob bermaydi, savdo rastalarining ochiqda joylashgani noqulay ob-havo sharoitida tashrif buyuruvchilarga noqulaylik tug‘dirmoqda, avtoturargoh, bozorga kirish va chiqish bilan bog‘liq muammolar mavjud.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda eskirgan bozorni qayta qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda va bir nechta investorlar o‘z takliflarini taqdim etishgan. Loyiha doirasida 150 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. To‘rt yulduzli mehmonxona va yirik savdo markazi qurilishi ko‘zda tutilgan.
Hududda yashil zona tashkil etilishi, o‘rindiqlar, eskalatorlar, velosipedlar to‘xtash joylari o‘rnatilishi, hojatxonalar tashkil etilishi, Wi-Fi zonasi faoliyat ko‘rsatishi kutilmoqda.