25-noyabr kuni Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan qo‘mitalar yig‘ilishlarida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qo‘mitalar faoliyati yo‘nalishlaridan kelib chiqib muhokama qilindi, deya xabar bermoqda quyi palata matbuot xizmati.

Muhokamalar yakunida barcha qo‘mitalar qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qulladi.

Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasida budjet mablag‘lari davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini bajarishga yo‘naltirilganligi, soliq va budjet siyosatidagi o‘zgarishlar tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilganligi, fuqarolarning davlat budjetini shakllantirish va ijro etishdagi ishtiroki, shuningdek, budjet mablag‘laridan foydalanish va uning natijadorligini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar joriy etilayotganligiga e’tibor qaratgan.

Jumladan, Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi a’zolari tomonidan prezidentning hududlarga tashrifi davomida tuman (shahar) mahalliy budjetlar daromadlarini oshirish bo‘yicha bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, tuman (shahar) budjetlariga biriktirilgan daromadlar tarkibi o‘zgartirilgani hamda kelasi yildan ayrim soliqlar tuman (shahar)larning mahalliy budjetlarida qoldirilayotganining natijadorligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, 2025-yilda birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilarga ajratilgan mablag‘larning miqdori, xarajat yo‘nalishlari va budjetdan ajratilgan transfertlar sarflanishining samaradorligi, natijadorligi va maqsadliligiga erishish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va bu orqali savdoni rivojlantirish maqsadida soliq, bojxona qonunchiligini hamda iqtisodiyotning turli sohalariga ajratilayotgan subsidiyalar va imtiyozlarni JST talablariga uyg‘unlashtirish borasida qonun loyihasida ko‘zda tutilgan choralar yuzasidan fikrlar bildirildi.

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan budjet loyihasida suv xo‘jaligi sohasida, paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar tomonidan tomchilatib va diskret sug‘orish tizimini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash, 2025-yilda suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirishga, kanal va ariqlar betonlanishiga, ushbu yo‘nalishlarda maqsadli ishlarni amalga oshirish tadbirlari uchun alohida mablag‘ ajratilayotgani ijobiy baholandi. Shuningdek, bu mablag‘lardan maqsadli foydalanish hamda natijadorlikka erishish borasida takliflar bildirildi.

Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari axborot texnologiyalarini rivojlantirish, yoshlarning raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilim olishi, kasb egallashi, ularni IT sohasiga jalb qilish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish masalalariga e’tibor qaratdi. Qo‘mita yig‘ilishida qonun loyihasida deputatlarning iqtisodiyot tarmoqlarida kosmik texnologiyalarni qo‘llash, loyihalarni sun’iy intellekt texnologiyalari asosida amalga oshirish uchun zaruriy infratuzilmalarni joriy etish, mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish kabi strategik masalalar hamda loyihalar uchun ajratilayotgan mablag‘lar va ulardan samarali sarflash yuzasidan ko‘tarilgan masalalarga aniqlik kiritilgan.

Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini 80 foizga yetkazish, jumladan, maktabgacha ta’lim xizmatlari nodavlat sektorini yanada rivojlantirish orqali nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari orqali qamrab olingan bolalar ulushini 45 foizga yetkazish, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini jami bitiruvchilar soniga nisbatan 50 foizga yetkazish uchun budjetdan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishga oid taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari 2025-yilda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim preventiv mexanizmlarning yanada takomillashuvi, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilashga, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida budjet loyihasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar va ularning natijadorligiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, 2025-yilda Davlat budjeti loyihasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish, qonunchilik hujjatlarini maqbullashtirish natijasida ular sonini qisqartirish va umumiy tusdagi, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarning ulushini oshirish yuzasidan davlat boshqaruvi organlari oldida turgan muhim vazifalarni moliyalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolari 2030-yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsadida 2025-yilda har bir tumanda keng jamoatchilik ishtirokida ekologik pasportlar va ekologik reyting ishlab chiqilishi, yirik korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy qilinishi, chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 1 mlrd 300 mln dollarlik loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan masalalarni ko‘tardi.

Xalqaro aloqalar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida esa 2025-yilda jalb qilinadigan davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini 5,5 mlrd dollar hamda ichki obligatsiyalarni muomalaga chiqarishning yuqori chegarasi 30 trln so‘m qilib belgilash taklif etilayotgani atroflicha o‘rganilgan.

Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi a’zolari oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash xarajatlariga grant mablag‘lari ajratilyotganligini ijobiy baholab, mahallalarning boshqaruv tizimi faoliyatini kengaytirish borasida kelgusida qanday ishlar amalga oshirilishi yuzasidan mutasaddilardan vazifalarga aniqlik kiritishni so‘radi.

Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan 2025-yilda Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bilan bog‘liq masalalar, xususan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi faoliyati tashkil etish bo‘yicha savollar, fikr va mulohazalar bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning 2025-yil uchun davlat budjeti loyihasi taqdim etilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, kelasi yilda YAIM o‘sishi 6 foiz bo‘lishi, inflyatsiya 7 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasi YAIMga nisbatan 3 foiz (49,3 trln so‘m) bo‘lishi, tashqi qarz limiti esa 5,5 mlrd dollargacha oshirilishi taklif qilinmoqda.

18 ta vazirlikka jami 195 trln so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda (Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklaridan tashqari).

Shuningdek, 2025-yil bazaviy soliq stavkalari saqlanib qolinishi, lekin import qilinadigan gaz uchun aksiz solig‘i qaytarilishi, qat’iy belgilangan soliq stavkalari, marketpleyslar, suv va boshqalar uchun soliqlar oshirilishi nazarda tutilgan.

Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar kelasi yilda inflyatsiyadan past bo‘lmagan darajaga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 2025-yilda davlat budjetidan elektr energiyasi, tabiiy gaz narxlaridagi tafovutni qoplash va issiqlik korxonalariga subsidiyalar uchun 12,3 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda. Hukumat tariflar oshgani va 2025-yilda yana oshishiga qaramay, gaz hamda elektr energiyasi narxlarini subsidiyalashda davom etmoqchi.