“Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Telegram`dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Hujjat tadbirkorlarga qonunchilik talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritishiga ko‘maklashish va qonunbuzilishlarning barvaqt oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish, ularning huquqlarini ishonchli himoya qilish va nazorat qiluvchi organlarning mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan:

  • jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi;
  • 2025-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etilishi, shuningdek, tekshiruv va profilaktika tadbirlarini tashabbus etish ushbu tizim natijalari asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, xuddi shu sanadan boshlab:

  • tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali biznes ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi;
  • tekshiriladigan tadbirkorlik subyekti aniq bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga, davlat manfaatlariga, atrof-muhitga zarar yetkazish xavfining tezkor oldini olish yoki bartaraf etish maqsadida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali biznes ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi;
  • “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, o‘rta va yuqori darajalarga tasniflanadi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunining 39-moddasiga muvofiq, kameral soliq tekshiruvlari “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi natijalari asosida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilmaydi;
  • xavf darajasi o‘rta va yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi yoki tekshiruv o‘tkazilishi mumkin;
  • aniq fakt va hollar bo‘yicha fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik shaxslarning hamda davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfining oldini olish yoki bartaraf etishga qaratilgan tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi natijalaridan qati nazar o‘tkazilishi mumkin;
  • soliq va bojxona organlari tomonidan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq yuritiladi;
  • profilaktika tadbirlari doirasida amaldagi profilaktika shakllariga qo‘shimcha ravishda biznes ombudsman va nazorat qiluvchi organlar tomonidan tasdiqlangan namunadagi cheklist to‘ldirilishi natijalari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunbuzilishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashiladi.

Biznes ombudsman nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur farmon talablaridan kelib chiqib:

  • bir oy muddatda nazorat qiluvchi organlarning “Xavfni tahlil qilish” tizimlariga qo‘yiladigan minimal talablar takomillashtirilishini ta’minlaydi;
  • 2025-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari faoliyatida xavf darajasini aniqlash tartiblarini qayta ko‘rib chiqadi.

2025-yil 1-yanvardan quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi:

  • fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;
  • majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;
  • xodimlar sonini yashirish.

2025-yil 1-martdan boshlab sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatilganda, davlat boji birinchi instansiya sudida — 70 foizi, apellyatsiya va kassatsiyada — 30 foizi qaytarib beriladi.

Biznes ombudsman har yili 1-fevralga qadar:

  • tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi tekshiruvlarning qonuniyligi va o‘rnatilgan tartibda o‘tkazilganligi, tadbirkorlik subyektlarining shikoyatlari, tekshiruv huquqiga ega mansabdor shaxslarning attestatsiya natijalari kabi ko‘rsatkichlar asosida nazorat qiluvchi organlar faoliyatini baholab, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ularning reytingini e’lon qilib boradi;
  • nazorat qiluvchi organlar rahbarlari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.

Hisob palatasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va biznes ombudsman bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar budjet tashkilotlari faoliyatida o‘tkaziladigan tadbirlarni ro‘yxatga oladigan “Davlat auditi” dasturiy kompleksini “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilishni ta’minlaydi.

Bunda budjet tashkilotlari faoliyatidagi nazorat tadbirlari va ularning natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga uzatilishi inobatga olinadi.
2025-yildan boshlab nazorat qiluvchi organlarning tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaga ega xodimlari har ikki yilda biznes ombudsman tomonidan tashkil etiladigan o‘quv kurslarida malakasini oshiradi.

Bunda o‘quv kurslarida ishtirok etishni moliyalashtirish nazorat qiluvchi organlarning budjetdan tashqari mablag‘lari, grantlar, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.