O‘zbekiston ijro etuvchi hokimiyat organlari Yangi Toshkent shahri hududiga o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 23-noyabr kuni poytaxt atrofida “yashil belbog‘” yaratish bo‘yicha tadbirda ma’lum qildi.
“Yashil makon deganimiz bu bejiz emas, bu — kelajagimiz. Xudo xohlasa, mana Yangi Toshkentni qurib, ijro organini hammasini Yangi Toshkentga ko‘chirishni reja qilyapmiz. Tasavvur qilinglar katta mashinalar kirmaydigan, tirbandliklar yo‘q [hudud] bo‘lib, odamlar bundan faqat foyda ko‘radi”, — dedi prezident.
Davlat rahbari, shuningdek, Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP29) so‘zlagan nutqini eslatib o‘tdi, shuningdek, 2025-yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va „yashil“ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni “bejiz” taklif qilmaganini aytdi.
“Agar biz iqtisodiyot barqarorligi bilan mana shu ekologiyaga, yashil iqtisodiyotga e’tiborimizni bersak… Mana hamma sohada jahon bozoriga chiqmoqchimiz, maqsadimiz bitta — bozor topish. Tadbirkorlarga bozorni ochmasak u tadbirkor shuncha texnologiyani Yevropada, Osiyodan, Amerikadan, Xitoydan olib kelib yotibdi. Ertaga uning mahsuloti qayerga boradi? Bilasizlarmi, ong o‘zgarish kerak. Raqobatbardosh, korrupsiyadan holi qilish uchun texnologiyalarni yangilab, bozorga munosib mahsulot chiqarish kerak. Maqsad — daromad topish, manfaat bo‘lish”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev yalpi ichki mahsulotni 200 mlrd dollarga yetkazish rejalari haqida gapirdi.
“Boshlaganimizda 51 mlrd [dollar] edi, hozir 110 mlrd bo‘layapti. Qilsa bo‘lar ekan! Shuning uchun xalqimiz, o‘z kelajagimiz, jonajon vatanimiz uchun qilgan hamma rejalarimiz uchun mana shu strategiyamizga munosib harakat qilsak ana shunda marra bizniki bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning 19-apreldagi qarori bilan bosh vazir boshchiligidagi muvofiqlashtiruvchi kengashga uch oy muddatda vazirlik va idoralarni Yangi Toshkentga ko‘chirish bo‘yicha taklif kiritish topshirilgandi.
2023-yil mart oyida prezident Yangi Toshkent qurilishi boshlanganini bildiruvchi kapsulaga tamal toshi qo‘ygan edi. Shahar 1 million aholini sig‘dira olishi kutilmoqda.
Bu yerda davlat muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa obyektlar joylashishini ta’kidladi. Hozirda vazirlik va idoralar joylashgan bino o‘rnida mehmonxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini ochish rejalashtirilgan. “Toshkent zamonaviy turizm va biznes markaziga aylanadi”, — dedi o‘shanda davlat rahbari.
2023-yilning sentabr oyida davlat rahbari Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent va Yangi Toshkentning qo‘shma loyihasini ma’qullagan edi. “Ha, biz buni Yangi Toshkent deb ataymiz, lekin ertaga u eski Toshkentni ham yangilashi kerak. Ular bir qon, bir qon tomiriga aylanishi kerak”, — degandi qurilish direksiyasi rahbari Davronjon Odilov.
Davlat rahbari Yangi Toshkent loyihasini boshlash muhimligini, aks holda besh yildan keyin poytaxtda “yashashning iloji bo‘lmasligini” aytgan edi.