Isroil hukumati “Hizbulloh” bilan Livanda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni dastlabki tarzda ma’qulladi, deya xabar bermoqda CNN.

Qayd etilishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu “umuman olganda” kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan. Isroil hali ham kelishuvning ba’zi tafsilotlari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirmoqda, ular 25-noyabr kuni Livan rasmiylariga yetkazilishi kutilmoqda.

Shartnoma Isroil Vazirlar Mahkamasi tomonidan ham tasdiqlanishi kerak.

Ynet nashrining ta’kidlashicha, Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni muhokama qilishi kuni kecha Isroilga 255 dan ortiq snaryad tashlagan “Hizbulloh” tomonidan raketa hujumlarining kuchayishiga to‘g‘ri keldi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Yaqin Sharqdagi maxsus elchisi Amos Xoxshteyn Livanga Isroilning o‘t ochishni to‘xtatishga roziligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u har ikki tomonga agar kelishuvga erishilmasa, AQSh muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etmasligini aytdi.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv loyihasi 60 kunlik o‘tish davrini o‘z ichiga oladi, bu davrda Isroil harbiylari Livan janubini tark etishlari kerak, Livan armiyasi chegaraga yaqin hududlarda joylashtiriladi va “Hizbulloh” o‘zining og‘ir qurollarini Litani daryosining shimoliga o‘tkazadi. Shuningdek, tashabbusning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun AQSh boshchiligida qo‘mita tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Sentabr oxirida Isroil “Hizbulloh” bilan bog‘liq obyektlarga havo hujumlarini davom ettirib, Livan hududiga bostirib kirishni boshlaganini e’lon qildi. SAXALning ta’kidlashicha, ularning maqsadi “isroilliklarni o‘ldirish uchun mo‘ljallangan Hizbulloh infratuzilmasini vayron qilishdir”. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’kidlashicha, Isroil armiyasining zarbalari va bostirib kirishi oqibatida 3,5 ming kishi halok bo‘lgan.

Jumladan, 18-noyabr kuni “Hizbulloh” Tel-Avivga raketa uchirgandi, o‘z navbatida, Isroil Livan poytaxtiga zarba bergan va 5 kishi halok bo‘lgan.