Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi etib saylandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
25-noyabr kuni MOQning 41-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda bosh vazir Abdulla Aripov, Prezident administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Bosh assambleya a’zolari, shuningdek, federatsiyalar va assotsiatsiyalarning mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati qayta shakllantirildi.
Tadbirni MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi va qo‘mita nizomiga muvofiq, har bir olimpiya siklida MOQ rahbariyatining tarkibi qayta shakllanishini ta’kidladi.
Sport vaziri Adham Ikramov Bosh assambleyada avvalgi Olimpiya siklida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Bosh vazir erishilgan muvaffaqiyatlarni qayd etib, ayni paytda amalga oshirilmagan imkoniyatlarga e’tibor qaratdi va kutilgan natijaga erisha olmagan federatsiyalarni tanqid qildi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Dastlab Milliy olimpiya qo‘mitasiga yangi rahbar saylandi (avvalgi rahbar Rustam Shaabduraxmonov 2022-yil fevralida o‘z lavozimini tark etgandi, shundan beri qo‘mita ishi koordinatsiyasi bilan sport vaziri Adham Ikramov shug‘ullanib kelardi).
“Abdulla Nigmatovich ushbu lavozim uchun nomzod haqida to‘xtalar ekan, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligi, mamlakatimizning ko‘p ming sonli olimpiya oilasi, sportchi va murabbiylarning iltimosini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovich nomzodini ilgari surdi. Nomzod barcha delegatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi va Sh. M.Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining raisi etib saylandi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, qo‘mita raisining o‘rinbosarlari tarkibi ham shakllantirib olindi. Unga muvofiq, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, Oybek Kasimov bosh kotib va Sherzod Tashmatov rais o‘rinbosari lavozimiga saylandi.